Agarda masjidga jamoatga ulgurmay Peshin va Asr namozlarini alohida o‘qisak, farz namozlarida takbirni jahriy aytamizmi yoki maxfiymi? Boshqalar o‘sha payt kitob o‘qiyotgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, shu holatda Iqomatni qancha ovoz balandligida aytamiz?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Jamoat bo‘lib namoz o‘qilganda imom unga ergashuvchilar eshitishlari uchun takbiri tahrima va boshqa bir holatdan ikkinchi holatga ko‘chish takbirlarini baland ovozda aytadi. Yolg‘iz o‘quvchi kishi esa baland ovozda aytishiga hojat yo‘qligi uchun o‘zi eshitadigan darajada aytishi yetarli bo‘ladi.
Hoshiyatu at-Tahtoviy kitobida shunday deyiladi:
( ويسن جهر الإمام بالتكبير والتسميع ) وكذا السلام والمراد بالتكبير ما يعم تكبير العيدين والجنازة
“Imom takbirlar va “Sami’allohu liman hamidah”ni baland ovozda aytishi sunnatdir. Xuddi shunday imom salomni ham jahriy aytadi. Takbir deganda ikki iyd va janoza takbirlarini ham o‘z ichiga oladi”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.