Karantin kunlarida juma kuni o‘zaro ayol qizlarimiz bilan jamoat bo‘lib peshin o‘qisak bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Karantin holatida ya’ni, masjidlarda juma namoz o‘qilmayotgan bir paytda juma kuni oila a’zolari bilan uyda peshinni jamoat bo‘lib o‘qish joiz.
Hozirgi kunda masjidlarimiz karantin sababli yopilgani uchun juma namozining o‘rniga uyda peshin namozi o‘qilmoqda. Chunki bu holatda jumaning durust bo‘lish shartlaridan biri umumiy ruxsat (izni omma) topilmayapti.
Fiqhiy manbalarimizga e’tibor qaratsak, masjidlarda juma namozlari o‘qilib turganda uyda peshinni jamoat bo‘lib o‘qish makruh (https://t.me/diniysavollar/645)ligi bayon qilingan:
وَكُرِهَ فِي الْمِصْرِ ظُهْرُ الْمَعْذُورِ وَغَيْرِهِ كَالْمَسْجُونِ وَالْمُسَافِرِ جَمَاعَةً قَبْلَ فَرَاغِ الْإِمَامِ وَبَعْدَه
ya’ni: “Shaharda uzrli (mahbus, musofir) va uzrsiz (ba’zi sabablar bilan juma namozidan qolib ketgan) kishilarning, imom jumani o‘qib bo‘lishdan avval yoki keyin, uyda peshinni jamoat bo‘lib o‘qishlari makruhdir" (“Al-Fatovol hindiya” kitobi).
Chunki bu ishlarida jumaning jamoatini kamaytirish va jumani ado qilish buyrug‘iga qarshi chiqish bor (“Fathu bobil inoya” kitobi).
Demak, bu masalalarning barchasi masjidlarda juma ado qilinib turgan holatga tegishli.
Karantin holatida esa ahli ayoli va farzandlari bilan peshinni jamoat bo‘lib o‘qishda jumaning jamoatini kamaytirish ham, buyruqqa qarshi yo‘l tutish ham yo‘q. Chunki masjidlar vaqtinchalik faoliyati to‘xtatilgan va jumalar ado etilmayotgan bir paytda uyda namoz o‘quvchilar juma namozining vaqti (taxminan 13:00 – 13:15 gacha) o‘tishini kutib o‘tirishlarida ham ma’no yo‘q.
Kishi ahli ayoli bilan jamoat bo‘lib namoz o‘qish haqida Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu aytadilar: Men Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallamning yonlarida turib namoz o‘qidim Oisha onamiz esa orqada o‘qidilar. (Imom Ahmad rivoyatlari).
Anas raziyallohu anhu: "Men va bir yetim bola bizning uyimizda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam bilan namoz o‘qidik, onam Ummu Sulaym orqamizda turdilar", – dedilar.
Mazkur hadislardan ma’lum bo‘ladiki kishi uyida ahli ayoli bilan jamoat bo‘lib namoz o‘qishi mumkin va bu holatda ayollar orqa safda turishi lozim ekan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.