Assalomu alaykum. Mening qarindoshim hozir Umra ziyoratiga ketgan edi, oilaviy borishdi. To‘rt kishi ketishgan: er-xotin va o‘g‘li-qizi. Er-xotinning biroz davleniyasi bor edi. Umra amallarini kecha bajarishibdi, aravachada o‘g‘li, qizi va ayoli bilan. Ellikboshi boshqa ziyoratchilar bilan sa’ydan keyin hammasi yig‘ilishib, bomdod vaqti bo‘lib qolib, namoz o‘qib, ushlanib qolishibdi. Bu mening qarindoshim dindan biroz uzoqroq edi. Namozni tugatib, sa’ylari tugagani uchun ellikboshi va sheriklarini kutmay, mehmonxonaga qaytib borishib, to‘rtovlari ham ehromdan chiqib olishibdi. Ellikboshi bilan o‘sha yerdagi fatvo markazimi yoki shunga o‘xshash joyga borishibdi. U yerdagilardan so‘rasa, jarimasi bor, taxminan 100$ ga yaqin summada har biri uchun to‘lashi kerakligini aytishibdi. Shu sababli mendan fatvo markazidan so‘rab ber deb iltimos qilishdi. Jarimasini to‘lashga tayyor, faqat aniq ma’lumot kerak deyishyapti.
Vaalaykum assalom. Bunday holatda ziyoratchi amallarni bajargan bo‘lsada, soch oldirmay turib ehromdan chiqa olmaydi. Shuning uchun bunday holatda Haram hududiga qaytib (agar chiqib ketgan bo‘lsa) ehromini qaytadan kiyib, sochini oldiradi yoki qisqartiradi. Ushbu masalaning quyidagicha tafsiloti mavjud: Ehromdagi kishi tavof va sa’yni bajarib bo‘lgach ya’ni amallarni to‘liq bajarib, lekin soch oldirmasdan turib tikilgan kiyim kiygan bo‘lsa va shu holatda bir kun (o‘n ikki soat) yoki bir kecha (o‘n ikki soat) to‘liq o‘tmasdan sochini oldirgan yoki qisqartirgan bo‘lsa, uning zimmasiga sadaqai fitr yoki uning miqdoricha pulni sadaqa qilishligi lozim bo‘ladi. Agar bir kun yoki bir kecha o‘tgandan so‘ng sochini oldirgan yo qisqartirgan bo‘lsa u holda mazkur ziyoratchiga Haram hududida bir qo‘y so‘yishi vojib bo‘ladi. “Irshodus soriy” kitobida quyidagicha keltirilgan:
"فإذا لبس مخيطًا يومًا كاملًا أو ليلةً كاملةً فعليه دم، و في أقلّ من يوم (أي مقدار نهار و لو ينقص ساعةً) أو ليلة صدقة، (وهي نصف صاع من بر) و كذا لو لبس ساعةً (أي نجومية و هي جزء من أجزاء إثني عشر حالة اعتدال الليل و النهار) فصدقة باب الجنايات، النوع الأول في حكم اللبس، ص: ٤٢٤- ٤٢٦،
“Agar ziyoratchi bir kun yoki bir kecha to‘liq tikilgan kiyim kiygan bo‘lsa, uning zimmasiga qon vojib bo‘ladi. Agar u bir kun yoki bir kechadan ozroq bo‘lsa, (yarim so’ bug‘doy yoki uning qiymatini) sadaqa qilishligi lozim bo‘ladi. Huddi shuningdek, bir soat kiygan bo‘lsa ham, sadaqa vojib bo‘ladi”. Vallohu a’lam.