Men bozorda savdo qilaman. Yaqindan beri namoz o‘qiyman. Azon aytilgandan so‘ng namozga bormay savdo qilsa topgan puli harom bo‘ladimi? Agar bo‘lsa besh mahal namoz o‘qishni boshlashdan oldin topgan pullarimchi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Musulmon kishi Juma namoziga azon aytilgandan savdoni qo‘yib, namozga harakatni boshlashi shart bo‘ladi. Bu haqida Alloh taolo Qur’oni karimda shunday amr qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِذَا نُودِي لِلصَّلَاةِ مِن يَوْمِ الْجُمُعَةِ فَاسْعَوْا إِلَى ذِكْرِ اللَّهِ وَذَرُوا الْبَيْعَ ذَلِكُمْ خَيْرٌ لَّكُمْ إِن كُنتُمْ تَعْلَمُون
ya’ni: “Ey iymon keltirganlar! Juma kuni namozga nido qilinganda, Allohning zikriga shoshiling va savdoni qo‘ying. Agar bilsangiz, bu o‘zingiz uchun yaxshidir. (Juma surasi 9-oyat).
Ibn Abi Shayba rahmatullohi alayh Maymun ibn Mehrondan rivoyat qilishicha, Madinai munavvarada juma azoni aytilgandan keyin ko‘chada “savdo-sotiq harom bo‘ldi, savdo-sotiq harom bo‘ldi”, – deb jar solinar ekan.
Ahli sunna ulamolari ijmosiga ko‘ra, juma namozining azoni vaqtida savdo qilish haromga yaqin makruhdir. Hanafiy mazhabimiz fuqaholari va imom Shofe’iy rahmatullohi alayhning so‘ziga ko‘ra, juma namozi vojib bo‘lgan odam juma namoziga azon aytish chog‘ida savdo-sotiq bilan shug‘ullansa, savdosi joiz, ammo o‘zi gunohkor bo‘ladi. Bu mavzuda alloma Haskafiy rahimahulloh shunday deydilar:
( وَكُرِهَ ) تَحْرِيمًا مَعَ الصِّحَّةِ ( الْبَيْعُ عِنْدَ الْأَذَانِ الْأَوَّلِ ) إلَّا إذَا تَبَايَعَا يَمْشِيَانِ فَلَا بَأْسَ بِهِ لِتَعْلِيلِ النَّهْيِ بِالْإِخْلَالِ بِالسَّعْيِ
ya’ni: “Jumaning avvalgi azoni aytilganda, agarchi savdosi durust bo‘lsada, savdo qilish tahrimiy makruhdir. Lekin jumaga qarab yurib savdolashib ketishsa, gunohi yo‘q. Chunki azon paytida savdodan man qilinishining sababi, savdo namozga qarab yurishga xalaqit qiladi” (“Durrul muxtor” kitobi).
Endi besh vaqt namozga kelsak, azon aytilayotgan paytda unga javob qaytarish vojibdir. Javob qaytarish ikki xil bo‘ladi: azon kalimalarini takrorlab turish yoki masjidga qadam tashlab borish. Lekin azondan keyin chala qolgan ishni oxiriga yetkazib, jamoat namoziga ham ulgursangiz hech qanday gunoh yo‘q. Unday odamlar haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
رِجَالٌ لَا تُلْهِيهِمْ تِجَارَةٌ وَلَا بَيْعٌ عَنْ ذِكْرِ اللَّهِ وَإِقَامِ الصَّلَاةِ وَإِيتَاءِ الزَّكَاةِ يَخَافُونَ يَوْمًا تَتَقَلَّبُ فِيهِ الْقُلُوبُ وَالْأَبْصَارُ (النور:37)
ya’ni: “Kishilar bordirki, ularni na tijorat va na savdo (ishlari) Allohning zikridan, namozni barkamol ado etishdan va zakot berishdan chalg‘ita olmas. Ular dillar va ko‘zlar iztirobga tushib qoladigan kun (qiyomat)dan qo‘rqurlar” (Nur surasi 37-oyat).
Agar savdo bilan mashg‘ul bo‘lib, jamoatdan qolib ketsangiz, topgan pulingiz halol bo‘ladi, lekin jamoatning fazilati – yigirma besh barobar savobidan mahrum bo‘lasiz.
Namoz o‘qimasdan avval qilingan, shari’atimiz ko‘rsatmalariga to‘g‘ri keldigan halol kasb va savdolar durustdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.