Ayollar namozida sajda qilganida oyoq barmoqlari uchi qiblaga qarab turishi kerakmi yoki yo‘qmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ayol kishi ham erkaklar kabi sajdaga borganlarida oyoq barmoqlarini qiblaga qaratadilar. Bu haqida fiqhiy kitoblarimizda quyidagi ibora keltirgan:
موجها أصابع رجليه نحو القبلة
ya’ni: “Sajda qiluvchi kishi oyog‘ining barmoqlarini Qibla tomonga qaratib sajda qiladi” (“Muxtasarul viqoya” kitobi). Bu gap erkaklar va ayollarga birdek tegishlidir.
Qolaversa, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
"إذا سجد العبد سجد معه سبعة آراب: وجهه وكفاه وركبتاه وقدماه" (رواه الامام مسلم و الامام احمد عَنْ عن العباس بن عبد المطلب).
ya’ni: “Kishi sajda qilayotgan paytida u bilan birga yetti a’zosi sajda qiladi. Ya’ni, yuzi, ikki kafti, ikki tizzasi va ikki qadami” (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyatlari).
Demak, ayol kishi ham sajda paytida qo‘l va oyoq barmoqlarini qiblaga qaratib turadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.