AYOLLARNING MAHRAMSIZ SAFAR QILISHI

ID: 909

04.04.2025

89

Savol:

Arabistondagi qizlar Universitetiga hujjatlarimni rasmiylashtirganman. Xudo xohlasa ancha vaqtlardan keyin qabul qilinaman. Lekin muammo shundaki, menga mahramsiz u joyga borish bo‘lmaydi, deyishyapti. Biroq menga hujjatlarimni rasmiylashtirishdan avval, mahramim kuzatib qo‘ysa, faqat qizlar bilan o‘qib, yashasam shariatimizda shunga ruxsat beriladimi? Haqiqatda ham u joyga borib ilm olishim mumkinmi? Agar mumkin bo‘lmasa, nima uchun yolg‘iz boshli ayolni mahramsiz imomlar hajga olib bormoqda?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Ayol kishi  ojiza, zaifa bo‘lib, safarda bo‘lsin yoki uyida bo‘lsin, har doim yordamga muhtojdir. Shu sababdan shariatimizda erkaklar ayollarga ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan ko‘maklashishlari shart. Ayniqsa, safarda bo‘lganda. Chunki safar qaysi niyatda (garchi ilm olish niyatida) qilingan bo‘lsa ham uning davomida qiyinchiliklar paydo bo‘lishi tabiiy holdir. Ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

لَوْ يَعْلَمُ النَّاسُ مَا فِي الْوَحْدَةِ مَا أَعْلَمُ ، مَا سَارَ رَاكِبٌ بِلَيْلٍ وَحْدَهُ " (رواه الامام البخاري) "

ya’ni: “Agar  insonlar yakka yurishning zararini men bilganchalik his qilishganida edi, biror yo‘lovchi kechasi yolg‘iz o‘zi yurmas edi”,  – deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, bu hadis orqali Rasululloh salallohu alayhi vasallam kishi yolg‘iz yurganda turli xil noxush holatlarga duch kelish ehtimolidan xoli emasligini ogohlantirmoqdalar.

Darhaqiqat, safarda turli holatlar sodir bo‘lishi tabiiy. Shunday paytlarda ayol kishi yolg‘iz o‘zi qiynalishi turgan gap. Shuning uchun unga  xizmatini qilib, safarga birga borib kelishga biror erkak hamroh bo‘lishi shart.

Qolaversa, Payg‘ambarimiz salallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

.لا تسافر المرأة إلا مع ذي محرم " (رواه الامام مسلم) "

ya’ni: “Ayol kishi faqatgina mahrami bilangina birga safar qilsin!” (Imom Muslim rivoyatlari).

Mazkur hadisi sharifda ayol kishi mahramsiz safar qilishi mumkin emasligi ochiq-oydin bayon qilinmoqda. Shunday ekan, Payg‘ambarimizning ko‘rsatmalariga amal qilishning natijasi barakotli bo‘ladi, inshaalloh.

Demak, mahrami yo‘q ayol ilm olaman, deb boshqa yurtlarga borib, o‘zini xatarga qo‘ymasdan, mahram topilgungacha o‘z shahridagi ilm dargohlaridan yoki boshqa ilm olish vositalaridan foydalanishi kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar