Bir hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim manmanliklik ila kiyimini sudrab yursa, Qiyomat kuni Alloh unga nazar solmaydi”, degan ekanlar. Shunda Ummu Salama: “Ayollar etaklarini qandoq qiladilar?” deydilar. “Bir qarich tushirib oladilar”, dedilar U Zot. “Undoy bo‘lsa oyoqlari ochilib qoladi”, deydilar Ummu Salama. “Bir ziro’ tushirib oladilar, undan ziyoda emas”, deydilar U Zot”. Ustozlar, Sizlardan iltimos ushbu xadisni sharhlab bersangiz. Ayollarni ko‘ylagi qanchagacha uzun bo‘lishi kerak. Yerga tegib turishi joizmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Qadimda ham, hozirda ham ba’zi odamlar manmanlik, gerdayish, mutakabbirlik va boshqalarni kamsitish uchun turli yo‘llarni qo‘llab kelishgan va kelmoqdalar. Ana o‘sha noma’qul yo‘llardan biri kiyim-bosh ila manmanlik qilishdir. Islom manmanlik va mutakabbirlikning barcha turlarini harom qilgani hammaga ma’lum. Ana o‘shalar qatorida Allohning oxirgi va mukammal dini Islom kiyim-kechak ila manmanlik qilish, gerdayishni ham harom qilgandir. Ushbu ma’noni boshqa rivoyatdan ma’lum bo‘ladi. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Kim manmanliklik ila kiyimini sudrab yursa, qiyomat kuni Alloh unga nazar solmas”, dedilar. Shunda Abu Bakr raziyallohu anhu: “Yo Rasulalloh, albatta, mening izorimning bir tarafi uni ushlab yurmasam tushib qoladir?”, – dedilar. “Sen manmanlik ila qiladiganlardan emassan”, – dedilar (Imom Nasaiy rivoyatlari).
Demak, asosiy illat manmanlikda ekan. Ayniqsa Abu Bakr roziyallohu anhuga o‘xshash yetuk insonlardan manmanlik sodir bo‘lish ehtimoldan uzoq. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning guvohliklari o‘zi yetarli.
Ayollar esa, satri avratda bo‘lishga buyurilganlar. Xususan, hozirgi kunda ayollar uzun kiyishlari mutakabbirlikka kirmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.