Hayz odati 10 kun bo‘lgan ayol 14 kunda qon ko‘rsa va 10 kun pok yurib, yana qon ko‘rsa (rangi jigarrang) shunda namoz o‘qiladimi yoki yo‘q?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Masalan, ayolning odati 7 kun bo‘lgan bo‘lsa va hayz qoni o‘n kundan oshib 14 kunga to‘xtasa, 7 kundan ortig‘i istihoza (kasallik qoni) hisoblanadi. 10 kundan keyin hamma namozlarni vaqtida o‘qiydi. Lekin 10 kungacha hayz bo‘lish ehtimoli (ya’ni, odati 7 kundan 8 yo 9 yoki 10 kunga o‘zgarishi mumkin) bo‘lgani uchun namoz o‘qimay turadi. O‘n kundan oshib ketsa, ana endi 7-kundan keyingi namozlarni qazosini o‘qiydi.
Ikki hayz o‘rtasidagi poklik muddati kamida 15 kun bo‘lishi kerak. Undan kamida qon ko‘rsa, bu istihoza qoni hisoblanadi. Bizni misolda o‘sha poklik muddati 7 kundan boshlab hisoblanadi.
Endi bevosita savolning javobiga kelsak, hayz odati 10 kun bo‘lgan ayol 14 kun qon ko‘rsa, 4 kuni istihoza bo‘ladi. Keyin yana 10 kun pok yurib, qon ko‘rsa, bu holatda ikki qon o‘rtasidagi poklik 14 kun bo‘lib qoladi. Bu holatda faqat 15-kundan keyin hayz hisoblanadi. Ungacha namozlarini o‘qiydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.