AYOLLAR QADR KECHASIDAN QURUQ QOLADIMI?

ID: 309

04.04.2025

61

Savol:

Erta-indin Qadr kechasi kelib qoladi. Hayz yoki nifos holatidagi xotin-qizlar bu kechani qanday o‘tkazish kerak, ular namoz va Qur’on o‘qiy olmaydilarku, savobdan quruq qolishadimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Yo‘q, savobdan quruq qolishmaydi, balki ular uchun ham bu kechani ibodat bilan o‘tkazish yo‘llari bor. Garchi ular namoz o‘qib, Qur’on tilovat qila olmasalarda, Qur’onni ushlamasdan turib eshitish, barcha zikr va tasbehlarni aytish, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga salavot va salom yo‘llash, istig‘for aytish, tavba-tazarru va duo qilish, ilm olish hamda ma’ruzalar eshitish kabi savobi ko‘p amallarni bemalol bajaraveradilar (https://t.me/diniysavollar/124). Shuningdek, barcha turdagi moliyaviy ibodatlar: zakot (https://t.me/diniysavollar/1658), fitr sadaqasi (https://t.me/diniysavollar/1671), hadya, ehson berish va iftorliklarni (https://t.me/diniysavollar/724) qila oladilar.

Hadisi shariflarda kishi kasal bo‘lsa yoki safarda bo‘lib qolsa, u sog‘ligi yoki muqimligida odatlangan nafl ibodatlarning savobini olishi haqida xushxabarlar bor. Xuddi shunday ayollarning uzrli holatlarida ham poklik holatida odat qilib olgan nafl ibodatlarining savobini olishlari umid qilinadi.

عن أبي هريرة قال: قال رسول الله ﷺ: إذا مرض العبد أو سافر كتب له مثل ما كان يعمل مقيماً صحيحاً رواه البخاري

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qachonki banda kasal bo‘lsa yoki safar qilsa, unga muqimligi va sog‘ligida amal qilgani barobaricha ajr yoziladi”” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Demak, hurmatli opa-singillarimiz hech ham tushkunlikka tushmasdan, Qadr kechalarida imkonlari boricha yuqorida sanab o‘tilgan ibodatlarni ishonch va savob umidida bajarsinlar, Alloh taoloning fazli keng, albatta, murodlari hosil bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar