Biz tomonda ayollar taraganda to‘kilgan sochlarini lo‘lilarga berib, evaziga har-xil plastmassa yoki temir idishlarga almashishadi. Bu ishlariga hech kim jiddiy e’tibor bermaydi. Namoz o‘qib, “Alloh” degan onaxonlar ham shu ishni qilishadi. Aslida bu ish to‘g‘rimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Alloh taolo insonni aziz va mukarram qilib yaratgan. Shu sababli ham inson va uning juzlarini sotish shar’an haromdir. Isro Surasi 70-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا
Darhaqiqat,(Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (otulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik.
Fuqaholar inson va inson a’zolarini sotish mutlaq mumkin emasligini takidlaydilar. Bu borada “Raddul-muhtor”da shunday deyiladi:
وكذا بيع كل ما انفصل عن الآدمي كشعر وظفر لأنه جزء الآدمي ولذا وجب دفنه
Shuningdek, odamzotdan ajrab chiqqan soch, tirnoq kabilarni sotish botildir. Chunki ular odamzotning bo‘lagi, juzi hisoblanadi. Shuning uchun ham uni ko‘mib qo‘yish vojib bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.