Erkaklar ayol sartaroshga soch oldirishi yoki ayollar erkak sartaroshga soch oldirishi mumkinmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bu ish joiz emas. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan.
قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ (30)وَقُلْ لِلْمُؤْمِنَاتِ يَغْضُضْنَ مِنْ أَبْصَارِهِنَّ وَيَحْفَظْنَ فُرُوجَهُنَّ وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا مَا ظَهَرَ مِنْهَا وَلْيَضْرِبْنَ بِخُمُرِهِنَّ عَلَى جُيُوبِهِنَّ..... (31)
“(Ey Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir. (30) Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Shuningdek, (odatda) ko‘rinib turadiganidan boshqa ziynatlarini ko‘rsatmasinlar va ro‘mollarini ko‘kraklari uzra tushirib olsinlar!.... (31)” (Nur surasining 30, 31 oyatlar).
Alloh taolo ushbu oyati karimada erkaklarni ham, ayollarni ham o‘zgalarning qarash harom bo‘lgan a’zolaridan ko‘zlarini tiyishga buyurmoqda.
عن حذيفة رضي الله عنه قال : قال رسول الله صلى الله عليه وآله وسلم : النظرة سهم من سهام إبليس مسمومة فمن تركها من خوف الله أثابه جل وعز إيمانا يجد حلاوته في قلبه.
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : Nazar shaytonning zaharlangan o‘qlaridan bir o‘qdir. Kim Allohdan qo‘rqib uni tark etsa, Alloh taolo uning mukofotiga qalbida halovatini topadigan iymonni ato qiladi” (Hokim rivoyati).
Erkaklar erkak sartaroshga soch oldirishi yoki ayollar ayol sartaroshga borishi mumkin. Nomahramlarga nazar solish, ularning sochini yoki badanini ushlash inson qalbiga fitna va yomon xayollarni soladi. Bu esa kishini zino kabi harom ishga olib boradi. Shariatning umumiy qoidasiga ko‘ra, gunoh ishga olib boradigan ishlar ham gunoh sanaladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.