Ayol kishi haj yoki umrada ehromda turgan holida qo‘lqop kiyishi yoki yuzini berkitishi mumkinmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ayol kishi ehromda turgan vaqtida, barcha tikilgan kiyimlarni kiyishi mumkin.
وتلبس من المخيط ما بدا لها من الدرع والقميص والخمار والخف والقفازين (الفتاوى الهندية )
ya’ni: "Ayol kishi ehromda barcha o‘ziga kerak bo‘lgan tikilgan kiyimlarni jumladan; katta yopinchiq ko‘ylak, oddiy ko‘ylak, ro‘mol, maxsi, qo‘lqop singari kiyimlarni kiyishlari mumkin" ("Fatovoyi hindiya" kitobi).
واما المراة فيندب لها عدمه (القفازين) عندنا لقوله صلي الله عليه و سلم "و لا تلبس القفازين" (غنية الناسك)
ya’ni: "Mazhabimizga ko‘ra ayol kishining ehromda qo‘lqop kiymasligi mandub (mustahab)dur, Chunki Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: "Ayol kishi (ehromda) qo‘lqop kiymaydi", deb marhamat qilganlar" ("G‘unyatun nosik" kitobi).
Yuqoridagi mo‘’tabar hanafiy mazhabi kitoblaridan ma’lum bo‘ladiki, ayol kishi ehromda turgan vaqtida qo‘lqop kiyishi joiz, ammo kiymagani afzaldir.
Ayollar ehromdalik vaqtilarida yuzlarini berkitmaydilar, biroq yuziga yopinchiq yopsa va u yopinchiq yuziga yopishmay tursa, buni zarari yo‘q.
ليس للمرأة أن تغطي وجهها وأنها لو أسدلت على وجهها شيئا وجافته عنه لا بأس بذلك (بدائع الصنائع)
ya’ni: "Ayol kishi ehromda yuzini berkitishi mumkin emas va agar yuziga biror narsani yopib olsa va u yopinchiq yuziga yopishmasdan tursa buni zarari yo‘q" ("Badoi’us-sanoi’" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.