Erkak kishi ayolini jinsiy aloqasiz tashlab, qancha muddat safarga ketishi mumkin?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Aslida, qattiq zarurat bo‘lmasa, erkak xotini va bola chaqasini tashlab uzoqlarga ketmasligi kerak. Ketadigan bo‘lsa, ularni ham olib ketsin.
Ulamolardan ba’zilari oilani nafaqa bilan taminlash va ayol zarar ko‘rmasligi sharti bilan er ularni qoldirib bir yilgacha safar qilishi joizligini aytadilar. Bu miqdorni boshqa ulamolar olti oy, yana boshqalari to‘rt oy deb belgilaganlar. Hazrati Umar raziyallohu anhu qizlaridan: "Ayol kishi ersiz qancha sabr qila oladi?" deb so‘raganlarida qizlari: "Olti oy yoki to‘rt oy", deb javob berganlar. Shundan keyin hazrati Umar askarlariga har to‘rt oyda uyiga javob berishni yo‘lga qo‘yganlar. Imom Molik va Imom Bayhaqiy rivoyatlari.
Lekin ahli ayolini nafaqasiz qoldirsa yoki erning uzoq safarga ketishi sabab ayolga ma’naviy va jismoniy zarar yetsa, uni yuqorida aytilgan muddatlarda ham tashlab ketish joiz emas.
Ba’zi ulamolar er xotinini to‘rt oyda bir jimo qilishi vojib deyishgan. Afzali kamida har to‘rt kunda jimo qilishdir. Bunga qodir bo‘lmasa, imkoni yetganicha aloqa qiladi.
Demak, erkak uzoq muddat yolg‘iz safarga chiqishi sababli xotinning haqqi poymol bo‘ladi. Agar jinsiy ehtiyoj sababli xotini zinoga yurib ketishi ehtimoli bo‘lsa, bunday uzoq safarga chiqish joiz emas. Oz rizq topsa ham o‘z yurtida ishlab topib, ayolini iffatini saqlashi shart bo‘ladi. Ba’zi hollarda uzoq safarda yurgan erkaklar ham yo fahsh ishlarga, yo zinoga qo‘l uradilar. Bu bilan gunohga botadilar. Qolaversa, bu o‘z navbatida avvalgi oilasi bilan aloqani yomonlashishiga sabab bo‘ladi.
Lekin erkak ham, ayol ham iffatini saqlay olsa, er safar muddatida ahlini nafaqa bilan ta’minlab tursa va (xotinning roziligi bilan) erkak uzoq safarga chiqishga majbur bo‘lsa, bu holatda masalaning hukmi yengillashadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.