AYOLIM MENGA AKA DEB MUROJAAT QILISHI MUMKINMI?

ID: 567

04.04.2025

68

Savol:

Yaqinda uylanaman ayolim menga aka deb murojaat qilishi mumkinmi? Mumkin bo‘lmasa nima deb murojat qilgani yaxshi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Ayrim kitoblarimizda bunday tarzda murojaat qilishni makruh deyilgan. Chunki bu odobga to‘g‘ri kelmaydi.

يُكْرَهُ أَنْ يَدْعُوَ الرَّجُلُ أَبَاهُ وَالْمَرْأَةُ زَوْجَهَا بِاسْمِهِ كَذَا فِي السِّرَاجِيَّةِ

"Erkak kishi otasini, ayol kishi erini ismi bilan murojaat etishi makruhdir. Sirojiyyada shunday kelgan" (Al-Fatovo al-hindiya).

"Durrul muxtor"da shunday deyiladi: "Ayol erini ismi bilan chaqirsa makruh bo‘ladi". Buni sharhlab Ibn Obidiyn rahimahulloh o‘z "Hoshiya"larida shunday yozadilar: "Erga murojaat qilishda hurmatlashni ifodalaydigan "xo‘jayin" yoki shunga o‘xshash lafz ishlatish lozim. Usmon ibn Ato o‘z otasidan rivoyat qiladi: Said ibn Musayyibning xotinlari: "Bizlar erlarimizga, sizlar amirlaringizga so‘zlaganingizdek so‘zlar edik, Alloh isloh qilgur, ofiyat bergurlar", degandilar.

Ummu Dardo Jahmiyya erlari Abu Dardo roziyallohu anhudan hadis rivoyat qilsalar: "Menga sayyidim (xo‘jam) hadis aytdilar", deb boshlar edilar.

Imom Navaviy "Sahihi Muslim"ning sharhida: "Menga Ummu Dardo hadis aytdi: "Menga xo‘jam hadis aytdi", degan joyini shunday izohlaydilar: "Ya’ni, "xo‘jam"dan murod erlari Abu Dardodir. Bundan ayol erini xo‘jam, (yo xo‘jayinim) deyishi joiz ekani bilinadi". Bunga o‘xshash narsa Qur’onda ham bor. "Eshik oldida u(xotin)ning xo‘jayiniga duch kelishdi" ("Yusuf" surasi, 25-oyat). "Xo‘jayini" - eri degani". Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar