Ayoliga hayz kelganini bilmay aloqa qilib qo‘ysa, gunoh bo‘ladimi? Agar gunoh bo‘lsa, uni yuvish uchun er-xotin nima qilishlari kerak?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Hayz ko‘rayotgan ayoli bilan jinsiy yaqinlik qilish gunohi kabira hisoblanadi. Xotin kishi hayz ko‘rayotgan paytda er unga jinsiy yaqinlik qilishi Islomda harom sanalgan amallardandir. Alloh taolo aytadi: «Sendan hayz haqida so‘rarlar. Sen: «U ko‘ngilsiz narsadir. Hayz chog‘ida ayollardan chetda bo‘ling. Ularga pok bo‘lmagunlaricha yaqinlashmanglar. Agar pok bo‘lsalar, ularga Alloh amr qilgan joydan keling. Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadi», deb ayt» (Baqara surasi, 222-oyat).
Ayol hayz ko‘rayotgan vaqtida unga yaqinlik qilish ushbu oyatga binoan harom qilingandir. Bu ishga mubtalo bo‘lgan kishi Allohga istig‘for aytib, tavba qilishi va bu ishga qaytmasligi lozim bo‘ladi. “Al-Bahrur-roiq” kitobida shunday deyiladi: “Hayz ko‘rayotgan ayolining farjiga o‘z hohshi bilan, ongli ravishda harom ekanini bila turib jimo’ qilish gunohi kabiradir. Ammo bilmasdan yoki unutgan holda yoki majburlangan holda jinsiy aloqa qilsa gunohi kabira emas. Bu inson istig‘for aytib tavba qilishi lozim. Bir dinor (4,25 gr tillo yoki uning qiymatiga to‘g‘ri keladi) yoki yarim dinor miqdorida sadaqa qilishi mustahabdir. Agar hayz qonining ranggi to‘q qizil bo‘lsa bir dinor, sariq rangda bo‘lsa yarim dinor. Bunga quyidagi Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis dalolat qiladi:
"إذا واقع الرجل أهله وهي حائض إن كان دما أحمر فليتصدق بدينار وإن كان أصفر فليتصدق بنصف دينار" (رواه أبو داود عن ابن عباس رضي الله عنه)
“Kishi ayolini hayz ko‘rayotgan vaqtida jimo’ qilsa, agar qizil qon bo‘lsa, bir dinor sadaqa qilsin. Agar sariq rangda bo‘lsa, yarim dinor sadaqa qilsin". (Imom Abu Dovud rivoyatlari) (“Bahrur roiq” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.