AYOL KISHINI QABRGA KIM QO‘YADI?

ID: 987

04.04.2025

361

Savol:

Shariat bo‘yicha ayol kishini qabrga kim qo‘yishi kerak? Ba’zilar eri qo‘ysa bo‘ladi, deydi. Ba’zilar go‘rkovlarga qo‘ydiradi. Shunga aniqlik kiritib bersangiz.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Hanafiy mazhabimizning mo‘’tabar manbalaridan biri “Fatavoi hindiyya” kitobida ayol kishini qabrga qo‘yish haqida shunday deyilgan:

وَذُو الرَّحِمِ الْمَحْرَمِ أَوْلَى بِإِدْخَالِ الْمَرْأَةِ الْقَبْرَ وَكَذَا الرَّحِمِ غَيْرِ الْمَحْرَمِ أَوْلَى مِنْ الْأَجْنَبِيِّ، فَإِنْ لَمْ يَكُنْ فَلَا بَأْسَ لِلْأَجَانِبِ وَضْعُهَا، وَلَا يُحْتَاجُ إلَى النِّسَاءِ لِلْوَضْعِ

ya’ni: “Ayol kishini qabrga mahram bo‘lgan qarindoshi qo‘yishi afzaldir. Shuningdek, mahram bo‘lmagan qarindosh begonadan ko‘ra afzaldir. Agar qarindoshlari bo‘lmasa, begonalar qo‘yishi mumkin. Qabrga qo‘yish uchun (erkalar bo‘lganda) ayollarga ehtiyoj yo‘q”.       Ushbu masalalar “Bahrur roiq” va “Badoius sanoi’” kabi mo‘’tabar fiqhiy manba’larimizda ham zikr qilingan.             Ayol kishining mahram qarindoshlari quyidagilar: o‘g‘li va o‘g‘il nabiralari, otasi va bobolari,  aka-ukasi va ularning o‘g‘illari hamda opa-singillarining o‘g‘illari, amakisi va tog‘alari. Demak, ayol kishining mazkur qarindoshlari bo‘lmasa, mahram bo‘lmagan erkak qarindoshlari ya’ni, amakisi va tog‘alarining o‘g‘illari hamda amma va xolalarining o‘g‘illari qabrga qo‘yadi. Agar mabodo mahram bo‘lmagan qarindoshlar ham bo‘lmasa, shundagina ayol kishini eri yoki begona kishilar qabrga qo‘yishi mumkin. Ulamolarimiz begonadan ko‘ra eri qabrga qo‘ygani ma’quldir, deganlar.       Ayol kishining mahram va mahram bo‘lmagan erkak qarindoshlari yoki eri dafn jarayonida hozir bo‘la turib, uni qabrga go‘rkovlar qo‘yishi mumkin emas. Chunki bunda shariatimiz qonun-qoidasiga amal qilinmagan bo‘ladi va buning gunohi ayol kishining erkak qarindoshlari zimmasiga tushadi.       Shunday ekan, ayol kishini qabrga qo‘yishda shariatimiz ko‘rsatmalariga amal qilishimiz lozim. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar