AYOL KISHINI ERKAK SHIFOKOR DAVOLASHI MUMKINMI?

ID: 820

04.04.2025

53

Savol:

Biz Rossiyaga o‘zimizning malakali shifokorlarning tavsiyasi bilan tug‘uruqxonaga jarrohlik amaliyotini o‘tash uchun keldik. Bizning holatimizda ushbu maskanda jarrohlik amaliyotini ushbu maskan bosh shifokori shaxsan jarrohlikni o‘zi qilar ekan. Lekin u erkak kishi. Poytaxtimizdagi shifokorlar faqatgina shu kishi jarrohlik amaliyotini qila olishini ta’kidlashgan edi. Jarrohlikni amalga oshirmasa homiladan ayrilib qolish ehtimoli yuqori yoki homila nogiron holatda dunyoga kelishi mumkin ekan. Alloh yanada bilguvchi. Mana shu holatda erkak shifokor ayol kishini davolashi mumkinmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Sharitaning umumiy qoidasi shuki, musulmon kishi o‘z ahli ayolini nomahramlar nazaridan saqlashi lozim. Shuning uchun ham ayollar faqatgina ayol shifokorlarga ko‘rinishlari kerak. Faqatgina zarurat holatlardagina ushbu qoidada istisno bor. Zarurat deganda bir jonga o‘lim xavf solib turgan holat nazarda tutiladi. Shunda ham ushbu istisno zarurat miqdorida bo‘lishi ta’kidlanadi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

فَاتَّقُوا اللَّهَ مَا اسْتَطَعْتُمْ وَاسْمَعُوا وَأَطِيعُوا وَأَنْفِقُوا خَيْرًا لِأَنْفُسِكُمْ وَمَنْ يُوقَ شُحَّ نَفْسِهِ فَأُولَئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ

ya’ni: “Bas, toqatingiz yetganicha Allohga taqvoda bo‘lingiz, quloq tutingiz va itoat etingiz hamda ehson qilingiz, (mana shu) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir...” (Tag‘obun surasi, 16-oyat).

Islomda inson hayoti qadrlanadi. Shu sababdan noiloj qolganda yoki o‘lim xav solganda harom qilingan narsalarni iste’moliga ham, zarurat miqdoricha, ruxsat berilgan. Agar ayolingizni holati haqiqatda ham siz aytgandek tang ahvolda bo‘lib, ona yoki bolaning hayoti xavf ostida bo‘lsa va jarrohlik amaliyotini bajaradigan ayol shifokor topilmasa yoxud bo‘lsada, uning yetarli malakasi, tajribasi bo‘lmasa o‘sha erkak shifokorga muolajani amalga oshirishirilishi mumkin. Zero, fiqhiy qoidalardan birida:

الضرورات تبيح المحظورات

ya’ni: “Zaruratlar man qilingan ishlarni mubohga aylantiradi” deyilgan. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar