Qabristonga ayol kishining borishi mumkinmi? Ba’zilar “ayol kishi o‘liklarga kiyimsiz ko‘rinadi” deb ham aytishadi. Bu gaplarda qanchalik jon bor?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ayollar vafot etganlarga kiyimsiz ko‘rinadi, degan gap yo‘q. Ko‘pchilik ulamolarimiz ziyorat qilish odoblarini buzmaslik sharti bilan ayollar qabrlarni ziyorat qilishi joiz deyishgan. Ularning dalili quyidagicha: Hazrat Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi: “Qabrlarni ziyorat qilishda nima deyin, yo Rasululloh?” U Zot: “Bunday degin: “Bu yerda qo‘nim topgan mo‘minlarga salom bo‘lsin! Biz ham, inshaalloh, sizlarga yetishamiz. Sizlarga ham, bizlarga ham Alloh taolodan afvu mag‘firat tilayman!”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Ushbu hadis ayollar qabriston ziyoratiga borishlari joizligiga dalolat qiladi.
Shuningdek, Hazrati Fotima roziyallohu anho har juma kuni amakisi hazrat Hamza roziyallohu anhuning qabri ziyoratiga borar, u yerda amakisi uchun duolar qilardilar (Imom Hokim rivoyati).
Ayollar ham erkaklar kabi o‘git va ibrat olishga muhtojdir. Shuning uchun dinimizning qabrlarni ziyorat qilishga bergan ruxsati ayollarga ham tegishli. Albatta, ayol kishi qabristonga borganida ziyorat qilish odoblariga amal qilishi, shuningdek, yig‘lab, baqir-chaqir qilish, qabrlar atrofini tavof qilish, ularga sajda qilish kabi shariatimiz man qilgan ishlarni qilmaslik kerak. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.