Assalomu alaykum. Avvalambor, o'zimni tanishtirsam. Mening ismim Abdulahad. Toshkent shahrida istiqomat qilaman. Yoshim 23 da va keyingi yil turmush qurish arafasidaman. Savolim shundan iboratki: "Ayol kishi turmush qurayotgan vaqtida erining familiyasiga o'tishi joizmi? Bu erining hohishi bo'lsa va albatta ayoli ham bu holatga rozi bo'lsa?"
Vaalaykum assalom. Shar'iy jihatdan xotin erning familiyasiga o'tishi joizdir. Ayol bu masalada ixtiyoriy bo'lib, uni bu ishga majburlab bo'lmaydi. Lekin zarurat bo'lganda, masalan, yashab turgan davlatida talab shunday bo'lsa yoki urfda erining familiyasiga o'tish mavjud bo'lsa, erning familiyasiga o'tishi joizdir. Chunki bu holatda ayol otasining ismi o'zgartirilmaydi va u erining otasini "mening otam", deb da'vo ham qilmaydi. Bu holatda familiyaning o'zgarishi Islomdagi "hamma o'z otasining nomi bilan chaqirilishi kerak", degan qoidaga zid kelmaydi. Qadimdan odamlar orasida o'zaro bir-birlarini tanish turli yo'llar bilan bo'lgan. Falonchining o'g'li, falonchining xotini kabi nisbat berish holati joriy bo'lgan. Erining familiyasiga o'tish ham go'yo falon oilaga kelin bo'lgan degani kabidir. Vallohu a'lam.