Ayolimni to‘shakka chaqirsam doim rad jovobini beradi. Shunday paytda qanday chora korsam boladi
Bismillahir Rohmanir Rohim. Avvalo bu masalada ikki tomonni eshitib xulosa qilish to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo ayol kishiga nasihat qilish, bunday yo‘l tutish gunohga sabab bo‘lishini eslatish kerak. Alloh taolo aytadi: «Xotinlaringizning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga pand-nasihat qilinglar, so‘ng (ya’ni, nasihatlaring kor qilmasa), ularni yotoqlarda tark qilingiz, (ular bilan bir joyda yotmang, yaqinlashmang) so‘ngra (ya’ni, shunda ham sizlarga bo‘yinsunmasalar), uringlar! Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmanglar. Albatta, Alloh eng yuksak va buyuk bo‘lgan zotdir» (Niso surasi, 34). Vohidiy rahimahulloh aytganlarki: «Bu oyatdagi «itoatsizlik»dan murod – erga osiylik qilish, ya’ni, takabburlik bilan erining buyruqlariga xilof ish yuritishdir». Ato rahmatullohi alayh : «U (ya’ni, itoatsizlik) – eri uchun o‘ziga oro bermaslik (xushbo‘ylik sepmaslik), o‘zi bilan huzurlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va ilgarigi mute’lik holati o‘zgarib qolishidir. Unday xotinlarga Alloh Kitobi ila «pand-nasihat qilinglar», Alloh ularga buyurgan ishlarni eslatinglar» deya tafsir qilganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qilganlar:
عَنْ أَبي هُريْرةَ رَضِيَ اللَّه عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ: «إِذا دَعَا الرَّجُلُ امْرَأَتَهُ إِلى فِراشِهِ فأَبَتْ، فَباتَ غَضْبانَ علَيْهَا، لَعَنَتْهَا الْمَلائِكَةُ حتى تُصْبِح». مُتَّفَقٌ عَلَيهِ. وفي رواية: حَتَّى «تَرْجِع».
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon kishi o‘z xotinini (jimo’ niyatida) to‘shagiga chaqirganda, u xotin bosh tortsa va eri undan norozi bo‘lib yotsa, tong otguncha farishtalar u xotinni la’natlab turishadi», dedilar (Muttafaqun alayh). Bir rivoyatda "ayol to bu ishidan qaytmagunicha" deyilgan. Boshqa rivoyatda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uch toifa odamning namozi maqbul bo‘lmaydi va bironta yaxshiligi osmonga ko‘tarilmaydi: qochoq qulning, to xo‘jayinlariga qaytib, qo‘lini ularning qo‘llariga qo‘ymagunicha; erini g‘azablantirgan – norozi qilgan ayolning, to eri undan rozi bo‘lmagunicha va mastning, to o‘ziga kelmagunicha» (Ibn Hibbon, Ibn Huzayma rivoyati). Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taboraka va taolo eriga noshukrlik qiladigan xotinga qaramaydi. Holbuki, u eridan behojat emas» (Nasoiy, Bazzor rivoyati). Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaysi ayol vafot etsa-yu eri undan rozi bo‘lsa, jannatga kiradi» (Ibn Moja, Termiziy rivoyati). Shu va shu kabi hadisi shariflarda bu ish dinimizda qattiq qoralangan. Vallohu a’lam.