AVTO RAQAMNI NASIYAGA OLISH

ID: 12937

04.06.2026

317

Savol:

Assalomu alaykum. Avtomobil uchun «chiroyli» raqamni nasiya savdo shartlarida sotib olmoqchiman. Raqamning narxi aniq, ammo sotuvchi uni avval o'zi rasmiylashtirib olib, keyin menga ustama qo'shgan holda 12 oylik bo'lib to'lash sharti bilan taklif qilmoqda. To'lov muddati kechiksa, jarima yoki ustama foiz qo'shilmaydi, ya'ni umumiy summa o'zgarmasdan qoladi. Savolim shundan iboratki, davlat boji to'loviga ustama qo'shib, xizmat shartnomasi asosida bunday nasiya savdo qilish shar'an joizmi?

Javob:

Va alaykum assalom. Bu holatda avto raqamni oldindan sotib olib, ustiga ustama qo'yib sotish shar'an joiz emas. Sababi, raqam davlat tomonidan aynan sizning nomingizga chiqadigan mulk bo'lgani uchun, o'rtadagi odam sizni qarzdor qilib, buning evaziga foyda ko'ryapti. Ya'ni, bu erda tovar savdosi emas, balki aslida qarz berib, undan ustama olish mazmuni bor, bu esa o'z navbatida ribaviy (sudxo'rlik) holatidir. Shuning uchun bunday holatlardan ehtiyot bo'lish kerak, chunki kelishilgan ortiqcha to'lov tovarning haqiqiy qiymati emas, balki aynan muhlat evaziga olinayotgan ustama hisoblanadi. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar