Namoz o‘qiyotgan odam tirnog‘ini o‘stirishi mumkunmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Tirnoq o‘stirib yurish – sunnatga xilof, makruh amaldir.
Tirnoq olib yurish - fitriy sunnat, ya’ni, pok tabiatga uyg‘un ishlardandir. Buni zamonaviy tilda shaxsiy gigiyena, deyiladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qiladilar:
الفِطْرَةُ خَمْسٌ -أَوْ خَمْسٌ مِنَ الفِطْرَةِ-: الخِتَانُ، وَالِاسْتِحْدَادُ، وَنَتْفُ الإبْطِ، وَتَقْلِيمُ الأظْفَارِ، وَقَصُّ الشَّارِبِ
“Besh narsa sof fitratdandir: xatna qilish, qovuq (tuklari)ni qirish; qo‘ltiq (tuklari)ni yulish, tirnoqlarni olish, mo‘ylabni qirqish” (Imom Buxoriy Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).
Tirnoqlarni har hafta, buni iloji topilmasa, 15 kunda, buni ham iloji bo‘lmasa, 40 kundan oshmasdan olib yurish sunnat. 40 kundan oshib ketsa, makruh bo‘ladi.
Hozirda tirnog‘ini o‘stirib yurishga qiziqadiganlar yo‘q emas, balki ma’lum ma’noda urfga aylantirishga harakatlar bor. Lekin sof inson tabiatiga zid bo‘lgan narsa hech qachon bezak bo‘la olmaydi, baribir uni jirkanch sanalaveradi. Go‘zallikni poklikdan izlash kerak. Odam yirtqich emaski uzun tirnoqlarga muhtoj bo‘lsa...
Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.