Asr namozni bir daqiqa ham o‘tkazib bo‘lmaydimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Boshqa amallarni uzr bilan kechiktirish mumkin, ammo namozni butunlay tark qilish yoki o‘z vaqtidan kechiktirishga uzr yo‘q.
Asr namozi borasida Alloh taolo:
حَافِظُوا عَلَى الصَّلَوَاتِ وَالصَّلَاةِ الْوُسْطَى وَقُومُوا لِلَّهِ قَانِتِينَ
“Namozlarni, o‘rta namozni muhofaza qiling va Allohga toat ila qoim bo‘ling”, — deya buyurgan (Baqara surasi, 238-oyat).
Namozni muhofaza qilish bu doimo o‘z vaqtida ado etish deganidir. Ko‘pchilik ulamolar, oyati karimdagi "o‘rta namoz"dan murod — Asr namozidir, deganlar. Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
"الَّذِى تَفُوتُهُ صَلاَةُ الْعَصْرِ كَأَنَّمَا وُتِرَ أَهْلَهُ وَمَالَهُ" (رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ).
“Asr namozini o‘tkazib yuborgan odam oilasidan, boyligidan ayrilgan kishi kabidir”, — deganlar. Ya’ni, asr namozini uzrsiz o‘qimagan odam oila a’zolaridan, mol-mulkidan ayrilib qolganga o‘xshaydi.
Aslida har qanday namozni ham vaqtidan kechiktirish mumkin emas. Ammo yuqoridagilardan asr namoziga yana ham ahamiyatli bo‘lish zarurligi kelib chiqyapti. Chunki boshqa hadisda asr namozini qazo qilganni amallari habata bo‘libdi, deyilgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.