Menga bir ahli ilm kishi Asr namozidan keyin kitob o‘qilmaydi degan edi. Shu to‘g‘rimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Bu haqida shariatimizda qat’iy bir qaytariq yo‘q. Shu e’tibordan Asr namozidan keyin kim kitob o‘qisa, gunohkor bo‘ldi, shariatga zid ish qildi, deyilmaydi. Ammo, Ahmad ibn Hanbal rohimahulloh ba’zi kishilarga asrdan keyin kitob o‘qimaslikni va buni ko‘zga zarari borligini zikr qilgan. Jumladan: “Kashful xafo va muziylul ilbos” kitobida shunday keltiriladi:
وقد اوصي الامام احمد بعض اصحابه ان لا ينظر بعد العصر الي كتاب وهو من كلام الطب
“Imom Ahmad rohimahulloh ba’zi do‘stlariga asrdan keyin kitobga qaramaslikni va bu tavsiya tabiblarni ko‘rsatmasi ekanligini aytdilar”.
Lekin bu qaytariqlarni shar’iy jihatdan emas, balki tibbiy jihatdan ko‘zga zarari borligi bilan izohlab berganlar.
Bugungi kunga kelib zamonaviy yoritish moslamalari ko‘rish qobiliyatiga zarar qilmaydigan darajada yoritib bersa, kitob o‘qishga tibbiy tomondan ham monelik qolmaydi va bemalol Asr namozidan keyin ham ilm hosil qilish mumkin bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.