Qur’on kitobini kindikdan pastga tushurmaslik kerakmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Qur’oni Karim Allohning kalomidir. Unga taalluqli barcha ashyolarga ehtirom vojibdir. Shu e’tibordan, mushaf muqaddas kitob sanaladi. Uni ulug‘lash Alloh taoloni ulug‘lash sirasiga kiradi.
Alloh taolo aytadi:
ذَلِكَ وَمَنْ يُعَظِّمْ شَعَائِرَ اللَّهِ فَإِنَّهَا مِنْ تَقْوَى الْقُلُوبِ
(Gap) shudir. «Kim Allohning shi’orlarini ulug‘lasa, bu qalblarning taqvosidandir» ("Haj" surasi, 32-oyat). «Allohning shi’ori» deganda U Zotni eslatadigan, anglatadigan narsa tushuniladi. Mushaf Alloh taoloning shi’orlaridan, balki eng ulug‘ shi’orlaridan ekanida shubha yo‘q.
Imom Navaviy rahmatullohi alayh aytadi: «Mushafni hurmat qilish vojibligiga musulmonlar barcha zamonlarda ittifoq qilganlar».
Ulamolar mushafga nisbatan musulmon kishi rioya qilishi kerak bo‘lgan bir qancha odoblarni sanab shu qatorda shunday deyishgan: Mushafni imkon qadar yuqori, ehtirom ko‘rinishiga zid bo‘lmagan tarzda tutish lozim. Tik turgan va o‘tirgan odam uni kindikdan quyi tutmasligi kerak. Mushafni quchoqqa qo‘yib o‘tirish, yerga qo‘yish ham odobga ziddir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.