Men toysomon (press somon) sezonida arzon narxda olib, keyin qimmatga sotsam bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ushbu savol ehtikor masalasiga oid savol. Ushbu masalaga oid savollar ko‘p bo‘lgani uchun javobga kengroq to‘xtalib o‘tishga harakat qilamiz. Xadisi shariflarda ehtikor xato va la’natga duchor qiluvchi ish ekanligi ta’kidlanadi. Ehtikor o‘zi nima? Ehtikor lug‘atda bir narsani qimmat bo‘lishi uchun ushlab turishga aytiladi. Shariat istelohida esa insonlar va hayvonlar ozuqasini sotib olish va qimmatlaguncha ushlab turishdir (Raddul muhtor). Aksar fuqaholar ehtikor ozuqalarda bo‘lishini aytadilar. Ehtikor harom bo‘lishi uchun bir necha shartlar mavjud. Bu xususda Ibn Qudoma shunday deydi: "Uchta shart topilsa ehtikor harom hisoblanadi.
Birinchi shart sotib olish. Ya’ni o‘zi yashayotgan shahar yoki qishloqdan sotib olish. Agar boshqa uzoq shaharlardan olib kelsa yoki o‘zi yetishtirgan narsani saqlab qo‘ysa ehtikor hisoblanmaydi.
Ikkinchi shart sotib olingan narsa ozuqa bo‘lishi kerak. Ozuqa bo‘lmagan narsalar, masalan kiyim-kechaklar yoki asosiy ozuqa bo‘lmagan narsalar, masalan shirinliklar, asal kabi nonxurush uchun ishlatiladigan narsalarda ehtikor yuzaga kelmaydi.
Uchinchi shart aholiga zarar bo‘lishi. Bu ikki holatda yuzaga keladi. Birinchisi kichkina shahar yoki qishloqlarda. Lekin katta va keng shaharlarda ehtikor harom bo‘lmaydi. Chunki ularda ma’lum miqdordagi narsani sotib olish aholining turmushiga ta’sir etmaydi. Ikkinchisi tanglik va qimmatchilik holatida shaharga kirib kelgan karvonni savdogarlar kutib olib sotib olsalar. Lekin arzonchilik vaqtda sotib olib qo‘yish harom hisoblanmaydi. (Mug‘niy, ba’zi o‘zgarishlar bilan).
Yuqoridagilardan shuni xulosa qilish mumkinki, tanglik va qahatchilik bo‘lmagan holatlarda va odamlarga zarar bo‘lmaydigan vaqtlarda somonni yoki umuman boshqa mahsulotlarni, masalan, don mahsulotlari, meva va sabzovotni olib saqlash va keyin qimmatga sotish joizdir. Shuningdek, boshqa uzoq yurtlardan olib kelib yoki o‘zi yetishtirgan mahsulotlarni saqlab qo‘yish shariatda joizdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.