Ba’zi odamlar arvoh kapalak uyga kelsa unga tegib bo‘lmaydi va u ham odamga tegib ketsa yomon bo‘ladi, deyishadi. Ba’zilar u kelganida ikki kalima Qur’on o‘qib yuborish kerak, deyishadi. Shular qanchalik to‘g‘ri?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ilmiy tilda “Brajnik”, xalq tilida esa "Arvoh kapalak" deb ataladigan hasharotning vafot etganlarga mutlaqo aloqasi yo‘q. Ba’zilar tomonidan ushbu kapalak bo‘yicha turli asossiz gap-so‘zlar yuradi. Aslida musulmon inson bunday buzuq va xurofot bo‘lgan e’tiqodlardan saqlanishi kerak.
Vafot etgan insonning ruhi tanosux bo‘ladi, ya’ni boshqa insonga yoki hayvonga o‘tadi, degan tushuncha Islom shariatiga mutlaqo ziddir. Bu avom xalq tomonidan o‘ylab topilgan botil aqidadir. Bunga dindan bexabar kishilar ishonishadi. Dinimizda shumlanishdan qaytarilgan. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"لا عدوى ولا طيرة ولا هامة ولا صفر" (أخرجه أحمد وابن ماجة)
ya’ni: “Kasallik yuqishi yo‘q, boyqushdan shumlanish yo‘q, ruhlarning qushga aylanib yurishi yo‘q, safar oyida shumlanish yo‘q” (Imom Ahmad va imom Ibn Moja rivoyatlari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.