Aroq sotiladigan restoranda yoki magazinda ishlasa bo‘ladimi? Uni ishi aroqqa bog‘liq bo‘masa, masalan, kassir yoki povar yo farrosh bo‘lib ishlasa, o‘sha yerdan oladigan oyligi halol bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Dinimizda mast qiluvchi ichimlikdan qattiq qaytarilgan. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنْصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ إِنَّمَا يُرِيدُ الشَّيْطَانُ أَنْ يُوقِعَ بَيْنَكُمُ الْعَدَاوَةَ وَالْبَغْضَاءَ فِي الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ وَيَصُدَّكُمْ عَنْ ذِكْرِ اللَّهِ وَعَنِ الصَّلَاةِ فَهَلْ أَنْتُمْ مُنْتَهُونَ (سورة المائدة الأية 90-91).
“Ey, imon keltirganlar! Albatta, xamr (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz. Shayton may bilan qimor (yordami)da o‘rtalaringizga adovat va nafrat solishni va sizlarni Allohning zikri hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi, sizlar (may ichishdan) tiyiluvchimisiz?” (Moida surasi, 90-91- oyatlar).
“Xamr” so‘zi – mast qiluvchi har qanday ichimlik turini o‘z ichiga oladi.
Mazkur oyatda mast qiluvchi ichimlik – qimor o‘ynashga, but-sanamlarga ibodat qilishga, har xil vositalar yordamida folbinlik qilishga tenglashtirilmoqda. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadisi shariflarida:
لَعَنَ اللهُ الخمرَ وشاربَها ، وساقِيَها ، ومُبْتَاعَها ، وبائِعَها ، وعَاصِرَها ، ومُعْتَصِرَها ، وحامِلَها ، والمَحْمُولَةَ إليهِ
“Alloh xamrni, uning ichuvchisini, quyib beruvchisini, sotuvchisini, sotib oluvchisini, siquvchisini, siqtiruvchisini, ko‘taruvchisini va ko‘tartiruvchisini la’natladi”, deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Shundan kelib chiqib, restoran yoki do‘konlarda spirtli ichimlik ichuvchilar uchun bevosita xizmat ko‘rsatuvchi xodim bo‘lib ishlash mutlaqo joiz emas. Ba’zi ulamolar uni katta gunohlardan sanashgan (Alloh saqlasin).
Agar xoddimning ishi mast qiluvchi ichimlikka bog‘liq bo‘lmasa, masalan, kassir yoki povar yo farrosh bo‘lib ishlasa, ko‘pchilik zamonamiz ulamolarining fatvosiga ko‘ra, o‘sha yerda ishlash joiz bo‘lmaydi. Chunki o‘sha joydan olayotgan ish haqining bir qismida haromdan topilgan mablag‘ borligi yoki eng kamida molida shubha aralashishi bor.
Qolaversa, bunda munkar ishlarni kun bo‘yi guvohi bo‘lib, undan qaytarmaslik bor. Shuning uchun ham Rasuli akram alayhissalom garchi o‘zi ichmasa-da, mast qiluvchi ichimlik qo‘yilgan dasturxon ustida o‘tirishdan qaytarganlar:
من كان يؤمن بالله واليوم الآخر فلا يجلس على مائدة يدار عليها الخمر (أخرجه الإمام أحمد والترمذي بإسناد حسن).
“Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, xamr aylantiriladigan dasturxon ustida o‘tirmasin” (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyatlari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.