ARAFOTDA PESHIN VA ASRNI JAMLAB O‘QISHDA PESHINNING IKKI RAKAT SUNNATI O‘QILADIMI?

ID: 55

04.04.2025

50

Savol:

Bilamizki, hojilar Arafa kuni Arafot vodiysida peshin va asr namozini jamlab o‘qiydilar. Ana shunda peshindan keyin uning ikki rakat sunnati ham o‘qiladimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Bu holatda peshinning farzidan keyingi ikki rakat sunnat o‘qilmaydi. Ya’ni peshinning azonidan keyin jamoat avval peshinning to‘rt rakatli sunnatini o‘qiydi   Keyin muazzin takbir aytadi va jamoat peshinning farzini o‘qiydi. Farzni o‘qib bo‘lgach, takbiri tashriqni aytadi, so‘ngra muazzin asr uchun takbir aytadi va jamoat asr namozini o‘qiydi. Chunki bu masala hadis va fiqhiy kitoblarida shunday bayon etilgan ("Irshodus soriy", "Majmaul anhur" va "Durarul hukkom" kitoblari).

“Sahihi Muslim”da haj ibodatidagi amallar borasida Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilingan uzun hadisda jumladan shunday deyilgan:

ثُمَّ أَذَّنَ، ثُمَّ أَقَامَ فَصَلَّى الظُّهْرَ، ثُمَّ أَقَامَ فَصَلَّى الْعَصْرَ، وَلَمْ يُصَلِّ بَيْنَهُمَا شَيْئًا

“(Rasululloh sollallohu alayhi vasallam) So‘ng azon va iqomat ayttirib, peshinni o‘qidilar. Keyin yana iqomat ayttirib, asrni o‘qidilar. Ikkisining orasida hech qanday namoz o‘qimadilar”. (Imom Muslim rivoyati).

“Raddul muhtor” kitobida shunday deyiladi:

وَلَمْ يُصَلِّ بَيْنَهُمَا شَيْئًا أَيْ وَلَا السُّنَّةَ الرَّاتِبَةَ  (قَوْلُهُ عَلَى الْمَذْهَبِ) وَهُوَ ظَاهِرُ الرِّوَايَةِ، وَهُوَ الصَّحِيحُ فَلَوْ فَعَلَ كُرِهَ وَأَعَادَ الْأَذَانَ لِلْعَصْرِ لِانْقِطَاعِ فَوْرِهِ فَصَارَ كَالِاشْتِغَالِ بَيْنَهُمَا بِفِعْلٍ آخَرَ

“Zohirur rivoyaga ko‘ra ikki namoz(peshin va asr) orasida hech qanday namoz o‘qimaydi. Ya’ni sunnat namozni ham o‘qimaydi. Sahih gap mana shudir. Agar sunnatni o‘qib qo‘ysa, makruh bo‘ladi va asr namozi uchun qayta azon aytadi. Chunki ikki namoz orasini boshqa ish bajarish bilan uzib qo‘ygan bo‘ladi”. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar