AQIQA

ID: 3259

13.10.2025

219

Savol:

Yaqinda yaqin qarindoshim o'g'liga aqiqa o'tkazdi. Qurbonlik uchun ikkita qo'y so'ydi.Aqiqa uchun nechta qo'y so'yish kerak?

Javob:

Yangi dunyoga kelgan bolaga shukrona sifatida aqiqa qilish hanafiy mazhabiga ko‘ra mustahab amallardan biri ("Raddul muhtor" kitobi). Bunga quyidagi hadisi sharif ham dalolat qiladi:

سَلْمَانُ بْنُ عَامِرٍ الضَّبِّىُّ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، يَقُولُ: «مَعَ الْغُلاَمِ عَقِيقَةٌ، فَأَهْرِيقُوا عَنْهُ دَمًا، وَأَمِيطُوا عَنْهُ الأَذَى»

Salmon ibn Omir Zobbiy raziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning: “Yangi tug‘ilgan bolaga aqiqa qilish bordir. Uning uchun qon chiqaring va undan nopoklikni ketkazing”, — deb aytayotganlarini eshitganman. (Imom Buxoriy rivoyatlari).

عن أم كرز رَضِي اللهُ عَنْها أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال عن الغلام شاتان وعن الجارية شاة لا يضركم ذكرانا كن أم إناثا

Ummu Kurz raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: «O‘g‘il bola nomidan ikki qo‘y va qiz bola nomidan bir qo‘y (so‘yinglar. So‘yiladigan qo‘yning) erkak yoki urg‘ochiligi sizlarga zarar qilmaydi, dedilar”. (Nasoiy rivoyatlari).

عَنْ عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ عَنْ أَبِيهِ عَنْ جَدِّهِ قَالَ سُئِلَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ الْعَقِيقَةِ فَقَالَ لَا يُحِبُّ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ الْعُقُوقَ وَكَأَنَّهُ كَرِهَ الِاسْمَ قَالَ لِرَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّمَا نَسْأَلُكَ أَحَدُنَا يُولَدُ لَهُ قَالَ مَنْ أَحَبَّ أَنْ يَنْسُكَ عَنْ وَلَدِهِ فَلْيَنْسُكْ عَنْهُ عَنْ الْغُلَامِ شَاتَانِ مُكَافَأَتَانِ وَعَنْ الْجَارِيَةِ شَاةٌ

Amr ibn Shu’ayb otasidan, u bobosidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan aqiqa to‘g‘risida so‘raldi. Shunda u zot xuddi (aqiqa) ismini yoqtirmagandek: “Alloh taolo oq bo‘lishni xush ko‘rmaydi”, dedilar. Ular: “Ey Allohning Rasuli, biz sizdan birimizning farzand ko‘rishi to‘g‘risida so‘rayapmiz”, — deyishdi. U zot: “Sizlardan kim bolasi uchun jonliq so‘yishni xohlasa, o‘g‘il bolaga ikkita barobar qo‘y, qiz bolaga bitta qo‘y so‘ysin”, — dedilar”.

عَنْ سَمُرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: كُلُّ غُلاَمٍ رَهِينَةٌ بِعَقِيقَتِهِ، تُذْبَحُ عَنْهُ يَوْمَ السَّابِعِ، وَيُحْلَقُ رَأْسُهُ، وَيُسَمَّى

Samura raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: "Har bir yangi tug‘ilgan go‘dak aqiqasi evaziga garovdadir. Uning uchun yettinchi kuni so‘yiladi, sochi olinadi va ism qo‘yiladi", — dedilar”. (Imom Termiziy rivoyatlari).

Ushbu hadislar Payg‘ambarimiz alayhissalomning qavliy, ya’ni so‘zlari bilan bo‘lgan ko‘rsatmalaridir. Quyida esa U zotning fe’liy, ya’ni o‘zlari qilib ko‘rsatishlari bilan sobit bo‘lgan ko‘rsatmalari zikr qilinadi.

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُما قَالَ :عَقَّ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ الْحَسَنِ وَالْحُسَيْنِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا بِكَبْشَيْنِ كَبْشَيْنِ

Abdulloh Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam (o‘z nabiralari) Hasan va Husayn raziyallohu anhumolarga ikkita ikkitadan qo‘chqor so‘yib aqiqa qildilar”. (Imom Nasoiy rivoyatlari).

عن علي بن أبي طالب قال : عق رسول الله صلى الله عليه و سلم عن الحسن بشاة وقال يا فاطمة أحلقي رأسه وتصدقي بزنة شعره فضة قال فوزنته فكان وزنه درهما أو بعض درهم

Ali Ibn Abu Tolib raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam (nabiralari) Hasanga bir qo‘y so‘ydilar va “Ey, Fotima! Uni sochini olgin va sochini og‘irligicha kumush sadaqa qilgin”, — dedilar. Keyin men uni o‘lchovdim bir yoki yarim dirham (og‘irligicha) chiqdi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Shariatimizga ko‘ra aqiqani ko‘rinishi shuki, bola tug‘ilganidan keyin yettinchi kuni uning sochi olinadi va o‘sha sochni og‘irligicha tilla yoki kumush sadaqa qilinadi. Keyin xohlovchilar bolani boshiga za’faron surtishlari mumkin. Sochi olingandan keyin uning nomidan jonliq so‘yiladi. Aqiqa kunini tayin qilinishi borasida Oisha raziyallohu anhodan hadis rivoyat qilingan.

فقالت عائشة رضي الله عنها : ... و ليكن ذاك يوم السابع فإن لم يكن ففي أربعة عشر فإن لم يكن ففي إحدى و عشرين

Oisha raziyallohu anho aytadilar: “...va bu yettinchi kuni bo‘lsin. Agar (yettinchi kuni) bo‘lmasa, o‘n to‘rtinchi kuni bo‘lsin. Agar (o‘n to‘rtinchi kuni ham) bo‘lmasa, yigirma birinchi kuni bo‘lsin”. (Imom Hokim rivoyatlari).

Ushbu rivoyatga binoan aqiqa yettinchi kuni qilinsa, yaxshiroq bo‘ladi. Chunki hadisda: “Agar (yettinchi kuni) bo‘lmasa o‘n to‘rtinchi kuni, agar (o‘n to‘rtinchi kuni ham) bo‘lmasa yigirma birinchi kuni bo‘lsin”, — deyilgan.

Ulamolar aqiqa uchun so‘yilgan jonliqlarni xuddi qurbonlik uchun so‘yilgan jonliq kabi taqsimlash mustahab ekanini aytganlar. Ya’ni uchdan bir qismini o‘zining oilasi uchun zaxiraga olib qo‘yishi, uchdan birini pishirib ziyofat qilishi, uchdan birini xom holatda muhtojlarga tarqatishi mustahabdir. Agar ahli oilasi ko‘pchilikni tashkil qilib, mazkur aqiqa go‘shtiga o‘zining ehtiyoji bo‘lsa, oilasi uchun to‘liq o‘zida olib qolishi mustahab hisoblanadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar