Assalamu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu. Ustoz, bir savolim bor edi. Ba'zida ilmsizlik tufayli, ya'ni ba'zi bir namozdagi amallarni qanday mukammal bajarishlikni bilmay turib, keyin xabardor bo'lsak, amallarimizdagi xato va kamchiliklarni kech tushunsak, bunga qanday qaraladi? Keyinchalik bilmaganlarimizni o'rganib, to'g'rilab ketish joizmi yoki namozlarimiz mukammal bo'lmay qolgani sababli qayta o'qish lozimmi?
Vaalaykum assalom varohmatulloh vabarokatuh. Agar namozning farzlari to'liq bajarilgan bo'lsa, bilmaslik sababli yo'l qo'yilgan kichik xato va kamchiliklar uchun o'tgan namozlarni qayta o'qish shart emas. Xatolarni anglaganingizdan so'ng, ularni tuzatib, kelgusi ibodatlaringizni to'g'ri bajarishingizning o'zi kifoya qiladi. O'tgan nuqsonlar uchun Allohdan mag'firat so'rab, ilm o'rganishda davom eting. Agar, farzlarni noto'g'ri bajargan yoki tashlab ketgan bo'lsangiz (umuman qiroat qilmaslik, sajda qilmaslik kabi) u holda o'sha namozlarni qayta o'qish zarur. Vallohu a'lam.