AMALLARNING QABUL BO‘LISH SHARTLARI

ID: 952

04.04.2025

137

Savol:

Ahli sunna val jamoa nazdida solih amallarning qabul bo‘lish shartlari nimalar?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Solih amallarning qabul bo‘lish shartlari quyidagilar:

  1. Solih amal uni buzuvchi riyo va ujb kabi ayblardan xoli bo‘lishi kerak. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh shunday deydilar: “Riyo solih amalga aralashsa, uning ajrini yo‘qqa chiqaradi. Ujb (kishi o‘zidan faxrlanishi) ham – riyo kabidir”. Bu haqIda Alloh taolo shunday deydi:

إِنَّمَا يَتَقَبَّلُ اللَّهُ مِنَ الْمُتَّقِينَ

ya’ni: “...Alloh aslida taqvoli kishilardan qabul qilur” (Moida surasi 27-oyat).

  1. Amal to‘g‘ri bo‘lishi kerak, botil emas. Amalning botil bo‘lishiga kufr va murtadlik sabab bo‘ladi. Shuning uchun kufr keltirgan yoki murtad bo‘lgandan keyin qilingan solih amallar qabul bo‘lmaydi. Solih amallar imon bilan birga bo‘lsagina foyda beradi.

  2. Solih amallar sohibi dunyodan imon bilan o‘tishi kerak. Kim kofir va murtad bo‘lib dunyodan o‘tsa, uning amallari qabul bo‘lmaydi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:

وَقَدِمْنَا إِلَى مَا عَمِلُوا مِنْ عَمَلٍ فَجَعَلْنَاهُ هَبَاءً مَنْثُورًا

ya’ni: “(Zotan)  Biz  ular  qilgan  har  bir  amalga  kelib,  uni  sochilgan  to‘zon (kabi  foydasiz)  qilib  qo‘ygandirmiz” (Furqon surasi, 23-oyat).

  1. Mazkur amal Islom shariatiga muvofiq bo‘lishi kerak. Zero, Nabiy alayhissalomning shariatlariga muvofiq bo‘lmagan barcha amallar – solih amallar qatorida bo‘lmaydi. Balki ular botil va bexuda amal sanaladi. Alloh taolo Qur’oni karimda kofirlarni qoralab shunday deydi:

أَمْ لَهُمْ شُرَكَاءُ شَرَعُوا لَهُمْ مِنَ الدِّينِ مَا لَمْ يَأْذَنْ بِهِ اللَّهُ

“Yoki ularning dindan Alloh izn bermagan narsalarni shariat qilib bergan sheriklari bormi?!" (“Shuro” surasi, 21-oyat.)

Ushbu oyatdan Alloh taolo O‘zining shariatida izn bermagan amallarni joriy qilish botil ekaniga ishora bor. Qolaversa, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytadilar:

مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ" (رَوَاهُ الإمام البُخَارِيُّ وَالإمام مُسْلِمٌ)"

ya’ni: “Kim bizning dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). 

Demak, amallar dinimiz ko‘rsatmalariga mos holda ixlos bilan bajarilishi kerak. Bu jarayonda amalni buzuvchi riyo, ujb va minnat kabi omillar bo‘lmasligi va savobli amallarini egasi bu dunyodan imon bilan oxiratga olib ketishi kerak. Tavfiq Allohdandir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar