Hozirda youtebe da bir video ko'p taraqalayapti, yani Alohga oson texnikasi. Bunda Allohning 99 ismini yozib har bir ismini to'g'risiga Alloh senga oson deb bir tilagini yozadi, Qodir senga oson dib yana bir tilagini yozadi . Buni 99 marta yozadi. Savolim shuki bu amal bid'ad emasmi dinimizda bunga ruhsat bormi
Bismillahir rohmanir rohim. Bunday ishlar agar Din nomidan qilinsa bid’at hisoblanadi. Buning o‘rniga hadisi shariflarda kelgan zikrlar, duolarni o‘qib yurish ham savob, ham maqsadga yetishga sabab bo‘ladi. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mushkul vaqtda: «Laa ilaha illallohul Aziymul Haliym. Laa ilaha illallohu Robbul arshil aziym. Laa ilaha illallohu Robbus samavati va Robbul arzi va Robbul arshil kariym», der edilar».(Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilishgan). Bu rivoyatda duo ma’nosi bo‘lmasada, tahlil va Alloh taoloning ulug‘ sifatlarining zikri bor. Ana shu zikrlarni ixlos bilan takrorlash ba’zi so‘zlarni aytib duo qilishdan ko‘ra foydaliroq bo‘ladi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo «Kimni Qur’on va Mening zikrim Mendan so‘rashdan to‘sgan bo‘lsa, unga so‘rovchilarga bergan narsamdan afzalini berurman», dedi» (Imom Termiziy rivoyat qilgan) degan mazmundagi hadisi shariflar ham bor. Falon ishim, falon mushkulim, falon niyatim deb aytib o‘tirmasdan Alloh taolodan chin ixlos bilan duo qilib so‘raladi. Zero Robbimiz har bir ishimizdan, niyat-maqsadimizdan boxabar Zotdir. Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mushkuli borning duosi «Allohim! Rahmatingdan umidvorman. Meni ko‘z ochib yumguncha ham o‘zimga tashlab qo‘ymagin. Mening ishlarimni O‘zing o‘nglagin. Sendan o‘zga ibodatga sazovor ilohi ma’bud yo‘qdir», dedilar» (Abu Dovud va Ibn Hibbon rivoyatlari). Asmaa binti Umays roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Senga mushkul paytda yoki mushkulda aytadigan kalimalaringni o‘rgataymi? Allohu. Allohu. Robbii laa ushriku bihi shay’an», dedilar». Shu va boshqa zikrlarga o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Vallohu a’lam.