“Allohumma antas-salam...” zikrini asr namozi kabi ortida sunnat namozlari bo‘lmagan farzlardan keyin ham aytiladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ha, aytiladi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu zikrni qilganlari haqidagi hadislarda birorta namoz istisno qilinmagan. Balki mazkur zikr barcha namozdan keyin aytilganiga ishora qiladi. Bu haqida Hanafiy olimlardan Alouddin Kosoniy rahimahulloh “Badoi’us sanoi’” nomli kitobida quyidagilarni zikr qilganlar:
فَإِنْ كَانَتْ صَلَاةً لَا تُصَلَّى بَعْدهَا سُنَّةٌ كَالْفَجْرِ وَالْعَصْرِ فَإِنْ شَاءَ الْإِمَامُ قَامَ وَإِنْ شَاءَ قَعَدَ فِي مَكَانِهِ يَشْتَغِلُ بِالدُّعَاءِ ؛ لِأَنَّهُ لَا تَطَوُّعَ بَعْدَ هَاتَيْنِ الصَّلَاتَيْنِ فَلَا بَأْسَ بِالْقُعُودِ رُوِيَ عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا { أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ إذَا فَرَغَ مِنْ الصَّلَاةِ لَا يَمْكُثُ فِي مَكَانِهِ إلَّا مِقْدَارَ أَنْ يَقُولَ : اللَّهُمَّ أَنْتَ السَّلَامُ وَمِنْكَ السَّلَامُ تَبَارَكْتَ يَا ذَا الْجَلَالِ وَالْإِكْرَامِ }
“Imom salom berib namozni tugatgach, agar shu o‘qigan namozi bomdod va asr kabi ortida sunnat namozi yo‘q bo‘lsa, xohlasa turib ketadi. Xohlasa, joyida o‘tirib, duolar bilan mashg‘ul bo‘ladi. Chunki bu ikki namozdan keyin o‘qiladigan sunnat namoz yo‘q. Shunday ekan, duo qilib o‘tirishining zarari yo‘q. Oisha roziyallohu anhodan qilingan rivoyatda “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozdan forig‘ bo‘lgach, “Allohumma antas salam va minkas salam tabarokta ya zal jalali val ikrom”, der edilar”.
“Maroqul faloh” kitobida ushbu ma’lumotlarni ko‘rishimiz mumkin:
إذا فرغ من صلاته إن شاء قرأ ورده جالسا وإن شاء قرأه قائما ( ويستغفرون الله ) العظيم ( ثلاثا ) لقول ثوبان " كان رسول الله صلى الله عليه و سلم إذا انصرف من صلاته استغفر الله تعالى ثلاثا وقال اللهم أنت السلام ومنك السلام تباركت يا ذا الجلال والإكرام " رواه مسلم
“Imom namozini tugatgach, xohlasa, vird(zikr)larini o‘tirib, xohlasa turib aytadi. Uch marta istig‘for aytadi. Keyin ushbu hadisda kelgan zikrni aytadi: Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni tugatgach, uch marta istig‘for aytib, keyin “Allohumma antas salam va minkas salam tabarokta ya zal jalali val ikrom”, der edilar” (Imom Muslim rivoyat qilgan).
Mazkur iboralardan ma’lum bo‘ladiki, mazkur zikr barcha farz namozdan keyin aytiladi. Agar farz namozning ortidan sunnati ham bo‘lsa, ushbu zikrni qilish bilan kifoyalanadi va sunnat namozni ado etishga turadi. Agar ortidan sunnati bo‘lmagan namoz bo‘lsa, ushbu va boshqa zikrlarni qilib o‘tirishi joiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.