"ALLOHNING YO‘LIDA" DEB SO‘YILGAN JONLIQ HALOLMI?

ID: 664

04.04.2025

10

Savol:

Men bir kishini tovuqni “bismillah”ni aytib emas, “Allohni yo‘lida” deb so‘yganini eshitdim. Ana shu tovuq endi halolmi, Allohning ismi aytildi-ku?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Dinimizda biror jonliq so‘yishda “Bismillah”ni ya’ni, Alloh taoloning ismini aytib so‘yilishi shart. Bunda “Bismillah” yoki “Bismillahi, Allohu akbar” lafzlari mashhurdir. Ammo Hanafiy mazhabimizda aynan yuqoridagi lafzlarni aytish shart qilinmagan, balki, ushbu lafzlarni ma’nosini ifoda qiladigan lafzlarni ishlatilsa ham so‘yilgan hayvonning go‘shti halol hisoblanadi.

قال الحصكفي رحمه الله في الدر المختار: والشرط في التسمية هو الذكر الخالص عن شوب الدعاء وغيره، فلا يحل بقوله: اللهم اغفر لي، لأنه دعاء وسؤال، بخلاف الحمد لله أو سبحان الله مريدا به التسمية، فإنه يحل .

Imom Haskafiy rohimahulloh “Durrul muxtor” kitobida shunday deydilar: “ Tasmiya – duo va boshqa o‘rinlarda ishlatiladigan so‘rov jumlalaridan xoli bir zikr bo‘lishi shart. Shuning uchun “Allohummag‘firliy” (Allohim meni kechirgin) deb so‘yilsa, bu halol bo‘lmaydi. Chunki bu duo va kechirim so‘rashdir. Ammo, tasmiyani iroda qilib “Alhamdulillah” yoki “Subhanalloh” deb so‘yilsa bu halol bo‘ladi”.

 قال ابن عابدين: أن هذه الألفاظ ليست بصريح في باب التسمية، إنما الصريح بسم الله، فتكون كناية، والكناية إنما تقوم مقام الصريح بالنية كما في كنايات الطلاق.

Alloma Ibn Obidin rahimahulloh: “Tasmiyaga xos bo‘lgan lafz “Bismillahir rohmanir rohim”dir. Subhanalloh, Alhamdulillah, Allohu akbar lafzlari xos bo‘lmasada “Bismillahir rohmanir rohim”dan kinoyadir. Kinoya lafzlar esa xuddi taloqdagi kinoyalar kabi niyat qilish bilan xosning maqomida bo‘ladi” – deydilar.

Demak, yuqorida keltirilgan ulamolarning fikrlaridan ma’lum bo‘ladiki “Allohning yo‘liga” deb so‘yilgan hayvoninng go‘shti halol va uni bemalol istemol qilish mumkin. Ammo, ko‘p yillardan beri xalqimiz orasida mashhur bo‘lgan “Bismillahi Allohu akbar” deb so‘yish afzaldir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar