Alloh taolo o’ta mag’firatli, baribir kechiradi, musulmonman, jannatga kirsam kerak deb gunoh qilishning hukmi qanday?
Yuqoridagi kabi tushuncha bilan gunoh qilish gunohni yanada kattalashtiradi va kechirilmay qolib ketishiga sabab bo‘ladi. Buyruqlarga itoat etmasdan va gunohlardan tiyilmasdan Alloh taoloning rahmatidan umid qilish befoyda va bekor ishdir. Aksincha musulmon kishi har qancha katta gunoh qilgan bo‘lsa ham, Alloh taoloning rahmati keng, tavba qilsam kechiradi, degan umid bilan tavba va istig‘forga shoshilishi, solih amallarga o‘tishi lozim. Avvalo, Alloh taolo: «Ey o‘z jonlariga javr qilgan bandalarim», deb, bandalariga O‘z nisbatini bermoqda. Aslida, «isrof» deb mol-dunyoni ortiqcha sarflashga aytiladi. Shuningdek, bu so‘z ma’naviy jihatdan haddan oshishga nisbatan ham ishlatiladi. Binobarin, gunoh qilgan odam isrofchi bo‘ladi, chunki u Alloh belgilab qo‘ygan haddan (chegaradan) chiqqan hisoblanadi. Gunoh tufayli haddidan oshgan odam o‘ziga zarar, jabr qiladi. Alloh taolo ushbu oyatda bandalarining gunoh sababli isrofga yo‘l qo‘yib, o‘zlariga jabr etishlarini aytmoqda. «…Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang!» Uning rahmati juda kengdir. «Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar». Alloh taolo Niso surasida shirkdan boshqa barcha gunohlarni mag‘firat etishini ta’kidlagan. Chunki «Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir». Tavba qilgan bandalarning gunohlarini kechiradi. Mufassirlarimiz, avval aytib o‘tilganidek, ushbu oyati karimani Allohning Kitobidagi eng umidli oyat, deb ta’kidlaydilar va, shu bilan birga, bu umid gunohga tashviq etuvchi umid emasligini ham qattiq uqtiradilar. Ya’ni «Alloh barcha gunohlarni kechiradi» degan umid bilan bila turib, gunohlarda davom etishning farqi bor. Abu Sa’iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Allohning Nabiysi sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Sizdan oldin o‘tganlarning ichida to‘qson to‘qqizta jonni o‘ldirgan kishi bor edi. U yer aholisi ichidagi eng ilmli kishi haqida so‘radi. Uni rohibga yo‘llab qo‘yishdi. Shunda uning huzuriga borib, to‘qson to‘qqizta jonni o‘ldirganini, unga tavbaga yo‘l bor-yo‘qligini so‘radi. U: «Yo‘q», dedi. Shunda uni ham o‘ldirib, yuztani to‘ldirdi. So‘ngra yer aholisi ichidagi eng ilmli kishi haqida so‘radi. Uni olimga yo‘llab qo‘yishdi. Uning huzuriga borib, yuzta jonni o‘ldirganini, unga tavbaga yo‘l bor-yo‘qligini so‘radi. U: «Ha, u bilan tavbaning orasini kim ham to‘sa olar edi? Falon, falon yerga bor. Chunki u yerda Alloh taologa ibodat qilayotgan kishilar bor. Ular bilan birga Alloh taologa ibodat qil. O‘z yeringga qaytma. U yomonlik yeridir», dedi. U jo‘nab ketdi. Yarim yo‘lga yetganida, unga o‘lim keldi. U haqida rahmat farishtalari bilan azob farishtalari tortishib qoldilar. Rahmat farishtalari: «U tavba qilib, qalbi ila Alloh taologa intilib keldi», deyishdi. Azob farishtalari: «U hech bir yaxshilik qilgani yo‘q», deyishdi. Shunda bir farishta odam suratida ularning huzuriga keldi va uni oralarida hakam qilishdi. U esa: «Bu ikki joyning orasini o‘lchab ko‘ringlar. U qay biriga yaqin bo‘lsa, o‘shanikidir», dedi. O‘lchab ko‘rib, u o‘zi iroda qilgan joyga yaqinroq ekanini bilishdi. Shunda uni rahmat farishtalari qabz qildilar». Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan. Albatta, tavba bobidagi ushbu hadisi sharifdagiga o‘xshash gaplar ushbu hadisi sharifdagiga o‘xshash bilmasdan gunoh qilganlarga oiddir. Bilib turib, o‘ziga Alloh taologa isyon qilishni ravo ko‘rganlarga emas. «Yoshligimizda o‘ynab olaylik, qariganda tavba qilarmiz», deganlarga emas. «Hozir ishlashim, pul-mol topishim kerak, bo‘lmasa qariganda holim ne kechadi, qariganda tavba qilib, ibodatga o‘tib ham qolarmiz», deydiganlarga emas. Bu borada mashoyixlar: «Tavba bilan katta gunoh qolmas, bilib turib gunohga qo‘l urish ila kichik gunoh qolmas», deganlar. Bu hikmatning ma’nosi «Vaqtida va bilib tavba qilinsa, katta gunoh ham kechiriladi. Ammo bilib turib yana gunohga qo‘l urilaversa, kichik gunoh ham katta gunohga aylanadi», deganidir. Gunoh qilib qo‘yib, ortidan noumid ham bo‘lish, tavba qilishga o‘tmaslik esa katta gunohdir. Mashoyixlar deydilar: «Gunoh borasida besh narsa gunohning o‘zidan ko‘ra ulkanroq gunohdir: gunohni ulug‘lash gunohning o‘zidan ko‘ra ulkanroq gunohdir, gunohni pisand qilmaslik gunohning o‘zidan ko‘ra ulkanroq gunohdir, gunohni oshkora qilish gunohning o‘zidan ko‘ra ulkanroq gunohdir, gunohga jur’at qilish gunohning o‘zidan ko‘ra ulkanroq gunohdir, gunohga tavba qilmaslik gunohning o‘zidan ko‘ra ulkanroq gunohdir».