Aka-ukaning farzandlari o'zaro turmush qurishlari mumkinmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Shariatimizga ko'ra aka-uka va opa-singillar o'zaro quda bo'lishlari joiz. Chunki Niso surasining 23-oyatida uylanish mumkin bo'lmagan yaqin qarindoshlar haqida batafsil bayon qilingan bo'lib, unda amaki va ammaning qizlari, tog'a va xolaning qizlari uylanish mumkin bo'lmagan qarindoshlarga kirmagan. Shariat ularga uylanishni man qilmagan.
Shuning uchun ham Payg'ambarimiz alayhissalom ammalarining qizi Zaynab binti Jahshga uylanganlar. Ularning nikohi haqida Qur'oni karimda ham zikr qilingan. Yana U Zot alayhissalom qizlari Fotimani amakilari Abu Tolibning o'g'li hazrati Ali raziyallohu anhuga nikohlab berganlar.
Ammo ba'zi ulamolar qarindoshlar o'rtasidagi nikohni joiz deb bilsalarda, imkon qadar begonalardan uylanishga targ'ib qilganlar. Bularning boshida Hazrati Umar raziyallohu anhu zikr qilinadilar. Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh “At-Talxisul-habiyr” nomli kitoblarida keltirishicha Hazrati Umar raziyallohu anhu faqat yaqin qarindoshlari bilan quda-anda bo'ladigan Bani Soibga qarata: “Nega sizlar juda nimjon va zaiflashib ketgansizlar? Bo'ldi endi, bundan keyin zaifhol bo'lmasligingiz uchun nikohda begonalardan olinglar”, – deganlar.
Bundan tashqari Imom Abu Homid G'azoliy rahimahulloh qarindoshlar o'rtasidagi nikohda begonalardan farqli o'laroq iymanish, tortinish va hayo kuchli bo'lishini ta'kidlaganlar. Bu esa o'rtadagi muhabbatga to'siq bo'ladigan narsadir.
Xulosa shuki, dinimizda mahram bo'lmagan qarindoshlar o'rtasidagi nikoh joiz. Aka-uka yoki opa-singillarning o'zaro quda-anda bo'lishlari harom emas. Bu borada bilib-bilmay gap gapirmaslik, halolni haromga chiqarmaslik kerak. Aks holda kishi imonini xatarga qo'ygan bo'ladi. Vallohu a'lam.