IT BOKISH MUMKINMI

ID: 6655

27.01.2026

149

Savol:

Shariatda uyda it bokish joiz emas deb ukiganman. Savolim shundan iboratki, tovuqlarim bor. Ularni yovvoyi mushuklar va boshqa tomondan qo'riqlashi uchun it boqmoqchi edim. Bu shar'an joizmi?

Javob:

Islom shariatiga ko'ra zaruratsiz holatda it boqish mutlaqo joiz emas. Abu Talha raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Farishtalar it va surat bor uyga kirmaslar”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kimki it boqsa har kuni savob ishlariga beriladigan ajrlaridan bir qiyrot yoki ikki qiyrot kamayadi. Qo'riqchi, podachi va ovchi itlar bundan mustasnodir” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Hadisda aytilgan “qiyrot” so'zining izohi borasida Imom Muslim rivoyatida “Uning kichigi Uhud tog'idek», deyilgan. Rivoyatlarda keltirilishicha, “Qiyomat alomatlaridan biri kishilarning it bolasini boqishni odat qilishlaridir. Hatto bu ishni ular o'z farzandini parvarishlagandan ham юqori darajaga qo'yishadi” (Imom Tabaroniy va Imom Hokim rivoyat qilgan).

Hadisdan ma'lum bo'ladiki, uy qo'riqlaydigan, podaga qaraydigan va ovchi itlardan boshqasini boqish mumkin emas. Demak, sababsiz yoki qiziqish uchun uyda it saqlash va boqish shariatda qaytarilgan. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar