IDDADA O‘TIRGAN AYOL ZINO QILSA...

ID: 116

04.04.2025

340

Savol:

Ustoz bir dugonam so‘ragandi. Iddada o‘tirgan ayol zino qilib homilador bo‘lib qolsa uni iddasi qachon tugaydi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Avvalo zino Alloh taolo harom qilgan jirkanch ish hisoblanadi. Alloh taolo zinokorga ham dunyoda, ham oxiratda alamli azob borligini ogohlantirgan. Bu ishni qilib qo‘ygan inson tezda tavba qilib, qaytib bu ishni qilmasligi lozim.

Iddada o‘tirgan ayol zino bilan homilador bo‘lib qolsa, uning iddasi homilasini tuqqunicha bo‘ladi. Tug‘ishdan oldin zino qilguvchiga ham va boshqasiga ham turmushga chiqa olmaydi. Vafot iddasida o‘tirgan ayol zino qilib, homilador bo‘lib qolsa, uning iddasi o‘zgarmaydi, ya’ni bunday ayol faqat vafot iddasini o‘tiradi.

وَاعْلَمْ أَنَّ الْمُعْتَدَّةَ لَوْ حَمَلَتْ فِي عِدَّتِهَا ذَكَرَ الْكَرْخِيُّ أَنَّ عِدَّتَهَا وَضْعُ الْحَمْلِ وَلَمْ يُفَصِّلْ، وَاَلَّذِي ذَكَرَهُ مُحَمَّدٌ أَنَّ هَذَا فِي عِدَّةِ الطَّلَاقِ، أَمَّا فِي عِدَّةِ الْوَفَاةِ فَلَا تَتَغَيَّرُ بِالْحَمْلِ وَهُوَ الصَّحِيحُ

“Iddada o‘tirgan ayol homilador bo‘lib qolsa, Karxiy rahmatullohi alayh uning iddasi homilasini qo‘ygunichaligini zikr qilib, tafsilotini bayon qilmagan. Imom Muhammad rahmatullohi alayh bu holat taloq iddasida bo‘ladi. Ammo, vafot iddasida homilador bo‘lib qolish bilan idda o‘zgarmaydi deganlar. Shu gap sahihdir” (“Raddul muhtor” kitobi). Iddada o‘tirgan ayol bir kishi bilan zino qilib, homilador bo‘lmasa, bunday holatda yangitdan idda o‘tirish lozim emas. Chunki zino gunoh bo‘lgani sababli biror hukmni yuzaga chiqara olmaydi. Zino qilgan kuni ham iddasidan hisoblanadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar