BEHUSHLIK YOKI MAJNUNLIK SABABLI O‘QILMAGAN NAMOZLAR

ID: 414

04.04.2025

28

Savol:

Behushlik yoki majnun (jinni)lik sababli o‘z vaqtida o‘qilmagan namozlarning qazosi o‘qiladimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Bu haqida “Muxtasarul viqoya” kitobida shunday deyilgan:

جُنَّ أَوْ أُغْمِيَ عَلَيْهِ يَوْماً ولَيْلَةً قَضَى مَا فَاتَ وإنْ زَادَ سَاعَةً لاَ

ya’ni: “Bir kecha-kunduz (yoki undan kam) muddat kishi majnun bo‘lsa yoki unga behushlik yetsa, (keyin o‘ziga kelsa) qoldirgan namozlarining qazosini o‘qiydi. Agar majnunlik yoki behushlik bir kecha-kunduzdan andak vaqt ko‘proq davom etsa, qoldirgan namozlarini qazosini o‘qimaydi”.

Demak, bunday bemorlik bir kecha-kunduzdan ko‘proq bo‘lishi bilan shariatimiz bizga yengillik qilish maqsadida qazo bo‘lgan namozlarning o‘qishni zimmamizdan soqit qilar ekan.

Agar behushlik gunoh ishlar sababli bo‘lgan bo‘lsa, bir kecha-kunduzdan ko‘proqqa cho‘zilishi bilan ham shariatimiz qazo bo‘lgan namozlarni o‘qib berishni buyuradi va bunday kishiga yengillik bermaydi. Bu haqida kitoblarimizda bunday deyilgan:

فِي الْمُحِيطِ لَوْ حَصَلَ الْإِغْمَاءُ بِمَا هُوَ مَعْصِيَةٌ كَشُرْبِ الْخَمْرِ أَكْثَرَ مِنْ يَوْمٍ وَلَيْلَةٍ لَا يَسْقُطُ عَنْهُ الْقَضَاءُ اتِّفَاقًا

ya’ni: “Muhit” kitobida keladiki, agar behushlik mast qiluvchi ichimlikni iste’mol qilish kabi gunoh yo‘llar orqali bir kecha-kunduzdan ko‘proq bo‘lsa-da, barcha ulamolarimizning nazdida undan qazo bo‘lgan namozlar soqit bo‘lmaydi”.

“Fatovoi hindiya” qitobida bunday deyilgan:

وَلَا عَلَى مُرْتَدٍّ مَا فَاتَهُ زَمَنَ رِدَّتِهِ وَلَا عَلَى مُسْلِمٍ أَسْلَمَ فِي دَارِ الْحَرْبِ وَلَمْ يُصَلِّ مُدَّةً لِجَهْلِهِ بِوُجُوبِهَا وَلَا عَلَى مُغْمًى عَلَيْهِ وَمَرِيضٍ عَجَزَ عَنْ الْإِيمَاءِ مَا فَاتَهُ فِي تِلْكَ الْحَالَةِ وَزَادَتْ الْفَوَائِتُ عَلَى يَوْمٍ وَلَيْلَةٍ

ya’ni: “Murtadlik (Islom dinidan chiqish) paytida o‘qimagan namozlari va imon keltirgan, lekin namoz farzligini bilmay o‘tkazgan kunlaridagi namozlar qazosi ham o‘qilmaydi. Yana bir kecha va kunduzdan ortiq behushlikdagi hamda imo-ishora bilan ham o‘qiyolmagan namozlarining qazosi ham o‘qilmaydi”. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar