Assalom alekum. Internetda bir domlaning ma'ruzasini eshitib qoldim. Ularning aytishicha: Xalol va harom nikoh bor ekan, ya'ni ularning òrtasidagi farq e'lon qilish ekan. Bu haqida Payģambarimiz S.A.V aytgan gaplarini misol qilib keltirdilar va aytdilarki, 3 va4 ta guvoh bilan domla oldida nikoh òqitirish xalqqa e'lon qilmasdan qarindosh uruģ, qòni-qòshnilarga aytmasdan nikoh òqitirish harom ekan. Bundey nikohda yashayotganlar zino bilan yashashmoqda nazlida ma'ruza qilgan ekanlar. Iltimos shunga aniqlik kiritib bering.
Hanafiy mazhabiga ko‘ra, nikohning shar’an durust (sahih) bo‘lishi uchun uning rukn va shartlari topilgan bo‘lishi kerak. Nikohning rukni "ijob va qabul", ya’ni bir tomonning taklifi va ikkinchi tomonning bu taklifni qabul qilishidir. Uning eng muhim sharti esa guvohlarning ishtirokidir. Kamida ikki erkak yoki bir erkak va ikki ayol guvohligida kelin-kuyovning ijob va qabuli sodir bo‘lsa, shar’iy nikoh bog‘langan hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, agar nikoh marosimida yetarlicha guvohlar bo‘lgan bo‘lsa, garchi u keng ommaga e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, bu nikoh durust hisoblanadi va bunday oila qurganlar shar’an er-xotindir. Ularning hayotini "zino" deb atash noto‘g‘ridir.
Shu bilan birga, nikohni e’lon qilish, odamlarga bildirish Islom dinida qattiq targ‘ib qilingan amaldir.
Muhammad ibn Hotib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Nikohda harom bilan halolning orasining ajralishi childirma va ovozdir», dedilar». Nasaiy va Termiziy rivoyati.
Bu yerdagi "harom"dan murod zino, "halol"dan murod esa shar’iy nikohdir. Ya’ni, zino yashirincha, hammadan pinhon tutiladi. Shar’iy nikoh esa, aksincha, xursandchilik, oshkoralik, shodiyonalik bilan o‘tkazilishi lozim. Nikohni e’lon qilishning hikmatlari ko‘p: birinchidan, bu fitna va turli bo‘htonlarning oldini oladi, jamiyatda ikki yoshning halol turmush boshlaganini tasdiqlaydi. Ikkinchidan, nasl-nasabni saqlash, kelajakda meros va boshqa huquqiy masalalarda aniqlik kiritadi.
Xulosa qilib aytganda, domlaning gapida jon bor, lekin uning "bunday nikoh harom va unda yashash zino" degan so‘zlari mubolag‘alidir. To‘g‘ri, nikohni qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilardan yashirib, pinhona o‘tkazish sunnatga xilof ishdir. Biroq, agar nikohning asosiy sharti bo‘lgan guvohlar mavjud bo‘lsa, u shar’an bog‘langan hisoblanadi. Musulmon kishi fitna va gumonlardan uzoq bo‘lish, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga to‘liq amal qilish maqsadida nikohni e’lon qilishi va shodiyona bilan o‘tkazishi lozim va maqsadga muvofiqdir.