Assalomu alaykum va rohmatullohi va barakatuh mening savolim shundan iboratki ayollar yuzlarini parvarish qilish uchun ishlatiladigan bazi krem va kosmetikalar ulitka va ulitka tuxumidan tayyorlanadi. Savolim shuki bunday krem va kosmetika mahsulotlarini ishlatish xalolmi
Bismillahir Rohmanir Rohim. Shilliqqurt — quruqlikda yashaydigan qorinoyoqli o‘pkali hasharotlar turiga mansub bo‘lib, fanda uning mingga yaqin turi ma’lum. Tanasi chuvalchang yoki tsilindr shaklida bo‘ladi (“O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi”).
Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha shilliqqurt muolajasi ikki xil turga bo‘linadi:
➖Shilliqqurtdan tayyorlangan kapsulali dori vositasini iste’mol qilish orqali davolanish; ➖Shilliqqurtdan zuluk kabi so‘lagi bilan davolanish yoxud shilliqurt ekstraktli kremini teriga surtish.
Ushbu ikki turdagi muolajalarning shar’iy hukmi ham farq qiladi:
وأما الضب والزنبور والسلحفاة والحشرات فلانها من الخبائث وقد قال تعالى (ويحرم عليكم الخبائث)
ya’ni: “Kaltakesak, ari, toshbaqa va barcha hasharotlar nopok narsalardan sanalgani sababli ularni iste’moli haromdir. Alloh taolo:
وَيُحِلُّ لَهُمُ الطَّيِّبَاتِ وَيُحَرِّمُ عَلَيْهِمُ الْخَبَائِثَ
ya’ni: “U (payg‘ambar) pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi”, – degan (A’rof surasi, 157-oyat)” (“Al-Bahrur-roiq” kitobi 17-juz, 116-bet).
Shariatimizga ko‘ra umumiy holatda harom narsalardan davolanish man qilingan. Xususan, Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh haromdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shifo niyatida foydalanish aslo joiz emas, deganlar. Zero, Ummu Salama onamiz raziyallohu anhoning bir joriyalari kasal bo‘lib qolganda, unga sharobdan dori sifatida foydalanmoqchi ekanlarini aytadilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
إنّ الله تعالى لم يَجْعَلْ شِفاءَكمْ فِيما حَرَّمَ عليكمْ
ya’ni: "Alloh taolo shifoingizni sizlarga harom qilgan narsalarga joylashtirgan emas", – deb marhamat qilganlar (Imom Abdurrazzoq, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy, Imom Tahoviy rivoyat qilishgan).
Fatavo kitobilarimizda “Kasallikka haromdan boshqa shifo topilmagan o‘rinda, hoziq tabib kafil bo‘lib, haromdan tayyorlangan yoki harom narsa aralashgan dori shifo bo‘lishiga ko‘rsatma bersa, zarurat bo‘lgani bois haromni iste’mol qilish joiz” ekani aytib o‘tilgan.
Alloma Ibn Obidin rahimahulloh: “Kishi qattiq ochlik yoki chanqoqlik sababli o‘lib qolishi mumkin bo‘lgan vaqtda o‘lmagudek miqdorda o‘limtikni yeyishi yoki harom ichimlikni ichishiga ruxsat borligidan kelib chiqib, shifo niyatida noilojlikdan iste’mol qilinadigan harom doridan haromlik soqit bo‘lishi kelib chiqadi”, – deganlar (“Raddul-muhtor” kitobi 1-jild, 365-bet).
“Zaxiyriyya” kitobida esa harom bilan davolanish joiz bo‘lishi (ya’ni, gunoh bo‘lmasligi) uchun o‘sha dorida shifo borligi va boshqa davo yo‘qligi tajribadan ma’lum bo‘lishi kerakligi aytilgan. Shifo bor yo‘qligi tajriba bilan aniqlanishi ta’kidlangan.
“Hoziq tabib” deganda o‘z ishiga mahoratli, o‘z yurtida tan olingan, muayyan tajribaga ega, bugungi kun tili bilan aytganda oliy toifali shifokor bo‘lishi shartdir. Shuningdek, u diniy shar’iy hukmlar va amallarni oshkora inkor qiluvchi bo‘lmasligi lozim. Shariatda harom deyilgan narsalarni oxirgi chora sifatida ishlatish lozimligini yaxshi anglamog‘i darkor. Aks holda, halol narsa bo‘lsa ham haromni tavsiya qilishi mumkin.