Ayollarning uzrli vaqtlarida qolgan namozlari qazo qilib o‘qiladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ayollar hayz yoki nifos holati sababli o‘qilmay qolgan namozlarni poklangach, qazo qilib o‘qimaydilar. Chunki hayz tez-tez takrorlangani sababli, namozlarni qazo qilib o‘qishda mashaqqat bor. Nifos ham uzoq cho‘zilgani sababli hayz hukmida bo‘ladi. Oisha onamizdan bu haqda so‘rashganda: "Biz shunga buyurilganmiz", deb javob berganlar. Mana shu gapga ijmo’ bog‘langan. (ُUsmon ibn Ali az-Zayla’iy, "Tabyinul haqoiq" kitobi, Hayz muddati bobi).
Hayz va nifos paytida ayol kishiga farz, vojib, sunnat, nafl yoki biror qazo namozni ham o‘qish mumkin bo‘lmaydi. Shuningdek tilovat yo shukr sajdasini qilish ham mumkin emas. Ammo namoz vaqti bo‘lgan paytda tahorat qilib odatda namoz o‘qiydigan joyida tasbeh aytib o‘tirishi mustahab bo‘ladi. Ba’zi mo‘’tabar ulamolar mazkur mustahab amalni qilgan ayolga eng yaxshi o‘qigan namozining ajri yoziladi, deganlar. Demak dastlab hayz ko‘rayotgan ayol ham, yoki odati kelgan ayol ham hayz ko‘rishi bilan namoz o‘qishni to‘xtatadi.
Besh vaqt namozdan birining vaqti kirgan paytda pok bo‘lib hali uni o‘qishga ulgurmasdan hayz ko‘rib qolsa, ushbu namozning qazosini o‘qimaydi. Agar mazkur namozga kirishgan paytda hayz ko‘rsa ham namozini to‘xtatadi va qazosini o‘qishi lozim bo‘lmaydi. Ammo biror nafl namozga kirishganidan so‘ng hayz ko‘rib qolsa namozini to‘xtatadi va poklanganidan keyin qazosini o‘qiydi. Chunki nafl namozga kirishish bilan uni to‘liq ado etish zimmaga lozim bo‘lib qoladi.
Agar odati bor ayolning qon ko‘rishi odatidan oshib ketsa hayz o‘n kungacha bo‘lishi e’tiboridan namozni boshlamay turadi. Shunga ko‘ra mazkur ayol o‘n kungacha namoz o‘qimay turadi. Agar o‘n kundan ham o‘tib ketsa g‘usl qiladi va odatidan ortiq kunlarning qazosini o‘qiydi. Masalan bir ayolning besh kun odati bo‘lsa, qon ko‘rishi o‘n kundan oshib ketsa, besh kundan keyingi kunlarning qazosini ham o‘qishi lozim bo‘ladi. Oldin bir marta ko‘rgan bo‘lsa ham odat o‘rniga o‘taveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.