KARANTIN DAVRIDA IJARA TO‘LOVI MASALASIDA QANDAY YO‘L TUTILADI?

ID: 849

04.04.2025

20

Savol:

Biz ikki xonali kvartirani yashash uchun ijaraga berganmiz. Ijarachi qurilish-ta’mirlash sohasida ishlaydi. Ayni damda karantin tufayli yurtimizda aksariyat ishlar to‘xtab turibdi. Karantin davrida ijara pulini olishda qanday yo‘l tutiladi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Ijara haqqini berish ijara shartnomasi tuzilishi bilanoq  vojib bo‘lmaydi. Balki, ijaraga oluvchi o‘z xohishi bilan ijaraga olgan narsa (yoki joy)dan to‘la foydalana olish imkoniga ega bo‘lganidan keyin ijara haqqini berishi vojib bo‘ladi.

Ammo, ijaraga olingan narsadan foydalanish imkoni bo‘lmasa va bunda ijaraga oluvchining aybi bo‘lmasa, ijara haqqi vojib bo‘lmaydi. Bu barcha fiqhiy kitoblarimizda yoritilgan. Jumladan, fatvo kitoblarimizda bu haqida shunday deyiladi:

فَإِنْ عَرَضَ فِي بَعْضِ الْمُدَّةِ مَا يَمْنَعُ الِانْتِفَاعَ بِهِ كَمَا لَوْ غُصِبَتْ الدَّارُ مِنْ الْمُسْتَأْجِرِ أَوْ غَرِقَتْ الْأَرْضُ الْمُسْتَأْجَرَةُ أَوْ انْقَطَعَ عَنْهَا الشُّرْبُ أَوْ مَرِضَ الْعَبْدُ أَوْ أَبَقَ سَقَطَتْ الْأُجْرَةُ بِقَدْرِ ذَلِكَ.

“Agar ijara bo‘yicha kelishilgan muddatda ijaraga olingan narsadan foydalanishga monelik qiladigan narsa sodir bo‘lsa, masalan, ijaraga olingan uyni kimdir kuch bilan tortib olishi yoki ijaraga olingan yerni suv bosishi yoxud suv kelmay qolsa, yoki ijaraga olingan qul kasal bo‘lib qolsa yoki qochib ketsa, mana shunday holatlarda foylanishdan mahrum bo‘lish miqdoriga qarab ijara haqi soqit bo‘ladi” (“Al-Fatovol hindiya” kitobi).

Imom Burhoniddin Marg‘iloniyning “Al-Hidoya” kitoblariga yozilgan mashhur “An-Nihoya” nomli sharhda shunday deyiladi:

وَهَذِهِ مُقَيَّدَةٌ بِقُيُودٍ: أَحَدُهُمَا التَّمَكُّنُ، فَإِنْ مَنَعَهُ الْمَالِكُ أَوْ الْأَجْنَبِيُّ ... لَا تَجِبُ الْأُجْرَةُ  

“Ijaraga haq to‘lash lozim bo‘lishi bir nechta qaydlarga ega: Shulardan biri ijaraga olingan narsa (yoki joy)dan ijarachi foydalana olishi shart. Agar joy egasi yoxud boshqa kishi o‘sha joydan foydalanishga to‘sqinlik qilsa... ijarachi haq to‘lashi lozim bo‘lmaydi” (“An-Nihoya sharhul Hidoya” kitobi).

Ushbu fiqhiy ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha, agar bir yillik ijaraning uch oyi o‘tgandan keyin qanchadir muddat hovli yoki do‘konni ijarachidan kuch bilan tortib olinsa, yoki undan foydalanishni (uy yoki, do‘kon) egasi tomonidan yoki davlat tomonidan cheklab qo‘yilsa, ana shu muddatga  ijara haqqi berish vojib bo‘lmaydi. Agar bir oylik ijara haqqini oldindan olingan bo‘lsa, ijarachi foydalangan muddat hisobida haq ushlab qolinib, qolganini qaytarib beriladi.

Hozirgi vaqtda yurtimizda karantin sabab ko‘plab savdo do‘konlari, hunarmandchilik ustaxonalari, oshxona va kafelarning faoliyati cheklab qo‘yilgan. Bu holatda, ijaraga olingan narsadan foydalana olmagan muddatning ijara haqqi, ijaraga oluvchining zimmasidan soqit bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar