Ramazon oyida haramda vitr namozini imomga iqtido qilib o‘qisa bo‘ladimi? Chunki bu yerda, imom ikki rakatdan keyin salom berib, keyin yana turib, bir rakat o‘qir ekan. Biz bu yerda qanday yo‘l tutishimiz kerak?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Mazhabimizga ko‘ra vitr namozi xuddi shom namozi kabi bir salom bilan uch rakat o‘qiladi. Shofeiy va hanbaliy mazhabiga ko‘ra esa, vitrni asosan 2 xil o‘qilishi mumkin:
Hanafiy mazhabida bo‘lgani kabi bir salom bilan uch rakat o‘qish. Ko‘pchilik fuqaholarimizga ko‘ra bu ko‘rinishda vitr o‘qiydigan imomga hanafiy mazhabidagi kishi iqtido qilishi joiz;
Ikki salom bilan uch rakat o‘qish. Ya’ni, bunga ko‘ra ikki rakatdan keyin salom berib, keyin yana bir rakat o‘qiladi. Bu tartibda o‘qiydigan imomga iqtido qilish hukmi borasida mazhabimiz fuqaholarida ikki xil qarash bor:
Agar imom ikki rakatdan keyin salom berib, keyin bir rakatni o‘qisa, hanafiy mazhabidagi kishi unga iqtido qilishi durust bo‘lmaydi. Ushbu masalani Alloma ibn Nujaym rahimahulloh barcha dalil va qarashlarni keltirib o‘tgandan keyin shunday xulosa qilganlar:
"فظهر بهذا أنّ المذهب الصحيح صحّة الاقتداء بالشافعي في الوتر إن لم يسلّم على رأس الركعتين وعدمها إن سلّم" (البحر الرائق، 2/40)
ya’ni: “Yuqorida o‘tganlardan ma’lum bo‘ladiki, mazhabdagi eng to‘g‘ri gap bu – vitr namozda shofeiy mazhabidagi imomga, u ikki rakatdan keyin salom bermasa iqtido qilish durust bo‘ladi. Agar (ikki rakatdan keyin) salom bersa, iqtido durust emas” (“Al-Bahrur roiq” kitobi).
Hanafiy olimlardan Alloma Rahmatulloh Sindiy ayni mavzuga bag‘ishlab yozgan “G‘oyatut tahqiq” nomli risolasida vitr namozida ikki rakatdan keyin salom beradigan imomga iqtido qilib bo‘lmaslik ko‘pchilik hanafiy ulamolarning ixtiyor qilgan yo‘li ekanini ta’kidlab o‘tgan.
Hozirda ikki haram masjidlarida vitr namozi ikkinchi ko‘rinishda – ikki salom bilan, uch rakat qilib ado etiladi.
Ikkinchi guruh hanafiy mazhabi ulamolarining fatvolariga binoan, qolaversa, musulmonlar birligini saqlash, turli noqulayliklarni oldini olish yuzasidan umra ziyoratiga borgan yurtdoshlarimiz Ramazon oyida vitr namozini Harami sharifdagi imomga iqtido qilgan holda o‘qishlari joiz. Shunday bo‘lsada jumhur ulamolarimizning tutgan yo‘llariga ko‘ra, ehtiyot yuzasidan o‘zlari qayta o‘qib olishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.