Tish kovagida bug‘doydek kattalikda ovqat qoldig‘i qolib ketsa, tahorat yoki g‘uslga zarari bormi?
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Tahoratda og‘iz va burunni yuvish sunnat, g‘uslda esa farz hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, tahoratda tishlarning orasiga biror narsa qolib ketishining zarari yo‘q. Agar tishlar orasida qolgan narsa juda kichkina bo‘lsa, g‘uslda ham zarar qilmaydi. Chunki suv suyuq bo‘lib, odatda hamma joyga yetib boradi. Biroq ehtiyoti g‘uslda tishning orasi va kovaklariga kirib qolgan narsani chiqarib tashlash kerak. Chunki g‘uslda biror joyga suv yetmay qolsa, g‘usl mukammal bo‘lmay qoladi.
“Fatovoi hindiya” kitobida shunday deyiladi:
وَلَوْ كَانَ سِنُّهُ مُجَوَّفًا فَبَقِيَ فِيهِ أَوْ بَيْنَ أَسْنَانِهِ طَعَامٌ أَوْ دَرَنٌ رَطْبٌ فِي أَنْفِهِ تَمَّ غُسْلُهُ عَلَى الْأَصَحِّ كَذَا فِي الزَّاهِدِيِّ وَالِاحْتِيَاطُ أَنْ يُخْرِجَ الطَّعَامَ عَنْ تَجْوِيفِهِ وَيُجْرِيَ الْمَاءَ عَلَيْهِ هَكَذَا فِي فَتْحِ الْقَدِيرِ
“Agar tishlarining kovagida yoki tishlarining orasida biror taom qolib ketgan bo‘lsa, yoxud burnining ichida yumshoq (suyuq) kir bo‘lsa, sahihroq gapga ko‘ra g‘usli to‘liq bo‘ladi. “Zohidiyya”da ham shunday. Biroq ehtiyoti qolib ketgan narsani tishining kovagidan chiqarib tashlab, u yerga suvni yetkazish kerak. “Fathul qodir”da ham shunday kelgan”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.