Assalomu Alaykum! Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda suniy obunachi, suniy like(yoqtirishlar soni), suniy komentariyalar yig'ib, mening falon obunachim bor, men falon like yig'dim deb aslida soxta ko'rinishlar orqali daromad qilishlik qanchalik to'g'ri. Bu haqida youtubedan quyida videoni ko'rdim https://www.youtube.com/watch?v=TPVeBnv8qcw&t=26s . Bu savolga javob shu sohada daromad qilayotgan ko'plab bloggerlar uchun juda zarur. Etiborsiz qoldirmang iltimos
Bismillahir rohmanir rohim. Bugungi kunda ushbu mavzu eng dolzarb masalalardan bo‘lib qoldi. Agar kimdir soxta obunachilar, soxta layklar, soxta izohlar yordamida o‘zini mashhur qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lsa yoki shu asosda reklama qabul qilmoqchi yoki biror shartnoma tuzmoqchi bo‘lsa, bu odamlarni aldash, yolg‘onchilik bo‘ladi. Masalan, kimdir 100 ming yoki 200 ming obunachim bor deydi, shu orqali u reklama xizmati taklif qiladi, aslida esa buncha haqiqiy obunachi unda mavjud bo‘lmaydi. Yoki kimdir falon miqdordagi obunachisi bor profil yoki kanal sotiladi deydi, aslida uning obunachilari botlar yoki real mavjud bo‘lmagan soxta profillardan iborat bo‘ladi. Yoki kimdir o‘z mahsulotini maqtab soxta sharhlar yozdiradi. Kimdir esa, yuqorida aytib o‘tganimizdek, shunchaki mashhur bo‘lish uchun, obro‘-e’tibor uchun qiladi. Bu ishlarning birortasi joiz emas, zero Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam “Kim bizni aldasa, bizdan (ya’ni musulmonlardan) emas”, deganlar. Alloh taolo Oli Imron surasining 188-oyatida shunday deydi: “Qilmagan narsalariga maqtalishni suyadiganlarni azobdan najotda deb hisoblamang. Ularga alamli azob bor”. Soxta obunachilar, soxta sharhlar va soxta layklar tufayli, internet olamida halol raqobat muhitiga putur yetadi, foydali kontent tayyorlaydigan bloggerlarga zarar bo‘ladi, reklama beruvchilar va mijozlar aldanadi. Bularning hammasi esa zulmdir, zulm esa shariatimizda eng katta gunohlardan sanaladi. Vallohu a’lam.