Umra qiluvchi kishi bomdod namozi vaqtida yoki asrdan keyin tavof qilsa, tavof namozini qachon o‘qiydi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Umra qilayotgan kishi bomdod namozi vaqtida yoki asr namozidan keyin tavof qilsa, tavofdan keyingi ikki rakatlik namozni kechiktirib turadi. Ya’ni, bomdod vaqtida tavof qilgan bo‘lsa, tavof namozini quyosh chiqqandan keyin o‘qiydi. Asr namozidan keyin tavof qilgan bo‘lsa, shom namozi vaqti kirguncha kutadi. Avval shomning farzini o‘qiydi, keyin ikki rakat tavof namozini o‘qiydi, so‘ngra shom namozining sunnatini o‘qiydi. Agar tavof namozini bomdod namozi vaqtida yoki asr namozidan keyin o‘qisa, namoz makruhlik bilan durust bo‘ladi. Bu haqida Bahrur-roiq kitobida shunday deyiladi:
وَيُكْرَهُ تَأْخِيرُهَا عَنْ الطَّوَافِ إلَّا فِي وَقْتٍ مَكْرُوهٍ أَيْ ؛ لِأَنَّ الْمُوَالَاةَ سُنَّةٌ ، وَلَوْ طَافَ بَعْدَ الْعَصْرِ يُصَلِّي الْمَغْرِبَ ثُمَّ رَكْعَتَيْ الطَّوَافِ ثُمَّ سُنَّةَ الْمَغْرِبِ وَلَا تُصَلَّى إلَّا فِي وَقْتٍ مُبَاحٍ فَإِنْ صَلَّاهَا فِي وَقْتٍ مَكْرُوهٍ قِيلَ صَحَّتْ مَعَ الْكَرَاهَةِ (البحر الرائق شرح كنز الدقائق)
"Tavof namozini tavofdan kechiktirish makruh, faqat (namoz o‘qish) makruh bo‘lgan vaqtlarda tavof namozini kechiktirish makruh emas. Chunki tavofni izidan (darhol) tavof namozini o‘qish sunnatdir. Agar asrdan keyin tavof qilsa, shomni farzini o‘qiydi, keyin ikki rakat tavof namozini, so‘ng shomning sunnatini o‘qiydi. Tavof namozini (nafllarni o‘qish) muboh bo‘lgan vaqtdagina o‘qiydi. agar (nafllarni o‘qish) makruh vaqtlarda o‘qisa, makruhlik bilan durust bo‘ladi, deyilgan" ("Bahrur-roiq"). ("Muhiti Saraxsiy", "Al-javharoh", "Badoi’" va "Bahrur-roiq" kitoblari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.