Mashinada namoz o'qishga to'g'ri kelsa, mashina ketayotgan tarafga qarab namoz o'qisa bo'ladimi
Bismillahir Rohmanir rohim. Ulovga minib namoz o'qish haqida Mulla Ali Qori shunday deydilar: “Nafl namozlarni shahar tashqarisi (ya'ni, musofir namozni qasr qiladigan o'rinlar)da ulovga mingan holda, qibladan boshqa tomonga qarab ham imo ishora bilan o'qib ketish mumkin. Imom Muslim, Abu Dovud va Nasoiylar Ibn Umardan rivoyat qilgan hadisda: “Nabiy sallallohu alayhi vasallamni Xaybar tomonga юzlanib, ulovlari ustida namoz o'qiyotganini ko'rdim”, deyiladi. Boshqa rivoyatda “...Bu ishni (ya'ni, ulovda namoz o'qishni) farzlarda qilmas edilar”, deb keladi. Farzdan oldingi va keyingi sunnatlar ham nafllar qatorida bo'ladi. Faqat Imom A'zam rahmatullohi alayh bomdodning sunnatini ulovdan tushib o'qiydi, chunki u boshqalariga nisbatan ta'kidlanib kelgan, deganlar.
Farzlarni, jumladan vitrni ham ulovda o'qib bo'lmaydi. Faqat uzr bo'lsagina, ulovdan tushsa kasali ziyoda bo'ladigan bo'lsa, yirtqichdan yoki dushmandan qo'rqsa yoki er loy bo'lib, sajdada юzi loyga botib ketadigan bo'lsagina joiz. Xuddi shunday, nazr qilingan namozlar, buzib qo'yilgan naflning qazosi, janoza namozi, erda tilovat qilingan sajda oyati ulovga minib ado etilmaydi (“Fathi babil inoya”).
Demak, farz va vojib namozlarni ulov va mashinalarda o'tirib o'qib bo'lmaydi. Nafl namozlarni musofirchilikda ulov va mashinalarda o'tirib, qaysi yo'nalishda ketayotgan bo'lsa ham, o'qisa bo'ladi. Faqat ulovni yoki mashinani haydayotgan bo'lmasligi kerak. Nafl namozlarni muqimlikda ulov ustida faqat qiblaga qarab o'qish mumkin. Vallohu a'lam.