SOBIQ AYOLGA MAHR BERISH

ID: 446

04.04.2025

48

Savol:

Uylanishimda mahr degan narsani bilmaganman va tushunmaganman buni menga hech kim aytmagan. Nikoh vaqtida domla aytgan ekan men bunga e’tibor bermagan ekanman. Natijada mahr bermaganman. Holat shundayki! Kelishib yasholmadik, qisqasi ikkimizda ham birga yashashimizga hech qanday istak bo‘lmadi! Ajrashdik, taloq so‘zini aytganman. Endi mahr degan narsani muhim ekanligini bildim. Endi men qanday yo‘l tutaman? Farzandimiz bor, 4 yil yashadik. Men mahrni qanday ado qilaman?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Mahr belgilamay uylanish haqida Muxtasarul Quduriy kitobida shunday deyiladi: "Ayolga mahr belgilamay yoki ayolga mahr yuq, deb uylansa, ayolga qo‘shilishi (yo u bilan jimo qilishga hamma imkoniyatlar hozir bo‘lib xilvatda qolishi) yoki er-xotinni biri vafot etishi bilan ayolga "mahri misl" beriladi..."

"Mahri misl" (boshqalarning mahriga tenglashtirilgan mahr)ning qiymati ayolning opa-singillari, ammalari, ammalarining qizlari (ya’ni, otasining qavmi)ga  qarab e’tiborga olinadi. Onasi va xolasining mahriga qaralmaydi. Faqat onasi otasining qavmidan bo‘lsa, uni e’tiborga olinadi. "Mahri misl"da (qiyoslanadigan) ikki ayol yosh, chiroy, mol, aql, din, shahar va vaqt (yana bokiralik, ilm, odob va chiroyli xulq)da barobar bo‘lishi e’tiborga olinadi". ("Muxtasarul Quduriy", "Lubob fi sharhil kitob" kitobi Nikoh bobi).

Demak, ayolingizga ota tomondan har tomondan teng bo‘lgan qizlarga qancha mahr berilgan bo‘lsa, siz ham sobiq ayolingizga shuncha mahr berasiz. Shu bilan zimmangizdagi qarzdan qutilasiz. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar